O‘zbekistonda barqaror tokenlar (stablecoin) muomalasi sinov tariqasida joriy etiladi.
Bu bo‘yicha tegishli nizom Markaziy bank va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, barqaror tokenlar bo‘yicha tajriba-sinov rejimi yo‘lga qo‘yilib, uning ishtirokchilari ro‘yxatdan o‘tkaziladi va ularning faoliyati doimiy nazorat qilib boriladi.
Zarurat tug‘ilganda ularning maqomi bekor qilinishi ham mumkin.
Tajriba doirasida faqat milliy yoki xorijiy valyuta bilan to‘liq ta’minlangan barqaror tokenlarni chiqarishga va ulardan to‘lovlarda foydalanishga ruxsat etiladi.
Ular xalqaro hisob-kitoblarda ham qo‘llanishi mumkin.
Shu bilan birga, algoritmik, anonim va kripto-aktivlar bilan ta’minlangan tokenlarni chiqarish qat’iyan man etiladi.
Barqaror tokenlar to‘liq real pul bilan ta’minlanadi va bu mablag‘lar Markaziy bankdagi alohida hisobvaraqlarda saqlanadi.
Maxsus rejim ishtirokchilari Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan ro‘yxatga olinadi.
Ularning faoliyati kiberxavfsizlik va moliyaviy barqarorlik talablari asosida nazorat qilinishi ma’lum qilindi.
Tajriba muddati 12 oy etib belgilandi va zarur hollarda uzaytirilishi mumkin. Bunda umumiy muddat uch yildan oshmasligi belgilangan.
