16-aprel kuni “Aloqa Finance Faktoring Tashkiloti” MChJning 90 foiz ulushi 1 mlrd 910 mln so‘mga sotildi.
AloqaBank tomonidan sotuvga qo‘yilgan ushbu lotning boshlang‘ich narxi 1 mlrd 819 ming so‘m etib belgilangan edi.

Skrinshot: E-auksion
Uch daqiqadan ko‘proq davom etgan kimoshdi savdosida 1 mlrd 910 mln so‘m taklif qilgan Ismoilov Asqarjon Baxromjonovich g‘olib bo‘ldi.

Asqar Ismoilov / Foto: Venkon Group
Ma’lumot uchun, ushbu shaxs Venkon Group kompaniyasining ta’sischisi hisoblanadi.
Lot haqida
Faktoring tashkilotini sotish to‘g‘risidagi qaror AloqaBank Kuzatuv kengashi tomonidan 2025-yil 19-noyabrda qabul qilingan.
Bu lot avval ham sotuvga qo‘yilgan, biroq sotilmagan edi. Faktoring kompaniyasining ustav kapitali 2 mlrd so‘mni, taqsimlanmagan foydasi esa 7,74 mln so‘mni tashkil etadi.

Manba: stat.uz
Tashkilot 2025-yilda 32,7 mln so‘m daromad olgan. Daromadlar to‘liq foizli daromadlardan shakllangan. Ma’muriy xarajatlari esa 25 mln so‘mni tashkil qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, AloqaBank 2025-yilda 340 mlrd so‘mlik faktoring xizmatlarini ko‘rsatgan.
Shundan 299 mlrd so‘mi elektron platforma orqali amalga oshirilgan.
AloqaBank 2024-yil oxirida o‘zining faktoring kompaniyasini Aloqa Faktoring nomi bilan tashkil qilgan edi.
2025-yil yozida kompaniya nomi “Aloqa Finance Faktoring Tashkiloti”ga o‘zgartirilgan.
