O‘zbekiston tijorat banklari birinchi chorakda qancha sof foyda oldi?

18.04.2026 09:34
O'zbekchaРусский
O‘zbekiston tijorat banklari 2026-yil birinchi choragida 5 trln 524 mlrd so‘m sof foyda oldi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 trln so‘mga yoki 60 foizga ko‘proqdir. Sof foyda bo‘yicha Ipoteka-bank yetakchi bo‘ldi.
O‘zbekiston tijorat banklari birinchi chorakda qancha sof foyda oldi?

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

O‘zbekiston tijorat banklarining 2026-yil birinchi choragida qancha sof foyda yoki zarar ko‘rgani ma’lum bo‘ldi. 

Mavjud 34 ta bankdan 17 tasining moliyaviy ko‘rsatkichi Korporativ yagona axborot portalida, qolganlariniki esa Ahbor-Reyting agentligi tomonidan e’lon qilindi

Natijalarga ko‘ra, banklar ushbu davrni 5 trln 524 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlagan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 trln so‘mga yoki 60 foizga ko‘proqdir. 

Infografika: tanga.uz

Sof foyda miqdori bo‘yicha yetakchilar ro‘yxatida davlat ulushi mavjud banklar va yirik xususiy banklar o‘rtasida raqobat kuchaymoqda. 

Xususan, 2025-yilning I choragini zarar bilan yakunlagan Ipoteka-bank bu yil 846,43 mlrd so‘m sof foyda bilan birinchi o‘ringa ko‘tarilgan.

Davlat banklari

Davlat ulushi mavjud banklar 2026-yilning ilk choragida 1 trln 861,2 mlrd so‘m sof foyda oldi. 

Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 616,9 mlrd so‘mga yoki 49,6 foizga ko‘pdir. 

Eng ko‘p sof foyda olgan 10 ta bankning 3 tasi davlat banki hisoblanadi. Bular — O‘zmilliybank, SQB hamda Xalq Banki. 

2025-yilning mos davri bilan taqqoslaganda, Biznesni Rivojlantirish Banki (-20,4%) hamda Mikrokreditbank (-6,1%) sof foydasida sezilarli pasayish kuzatilgan. 

Sof foydaning sezilarli o‘sishni esa Xalq Banki (8,2 barobarga oshgan), AloqaBank (+63%) va SQB’da (+36%) kuzatilgan.

Boshqa banklar

Davlat nazoratida bo‘lmagan banklar yanvar-mart oylarida jami 3 trln 663,3 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi. 

Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 68,4 foizga yoki qariyb 1 trln 489 mlrd so‘mga ko‘proqdir. 

Davlat ulushi bo‘lmagan banklar orasida sof foyda bo‘yicha Ipoteka-bank, Hamkorbank va Kapitalbank yetakchilik qildi. 

Trastbank hamda InFinBank ham eng ko‘p sof foyda olgan o‘nta bank qatoridan joy oldi. 

Miqdoriy ko‘rsatkichda foydaning eng yuqori o‘sishi Ipoteka-bank (+877,2 mlrd so‘m), InFinBank (+117,8 mlrd so‘m) va Apex Bank’da (+83,1 mlrd so‘m) kuzatilgan. 

2025-yilning shu davrini zarar bilan yakunlagan Apex Bank va Garant Bank 2026-yilning ilk choragida mos ravishda 56,44 mlrd so‘m va 10,84 mlrd so‘m sof foyda olishga erishdi.

O‘zbekiston tijorat banklari orasida faqat AVO Bank (-3 mlrd so‘m) ushbu chorakni zarar bilan yakunlagan.

#sof_foyda_banklar

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar