Ko‘chmas mulk yoki bank omonati: Qaysi biri ko‘proq daromad keltiradi?

20.04.2026 10:16
O'zbekchaРусский
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarning daromadlilik darajasini o‘rganib chiqdi. Natijalarga ko‘ra, 2025-yilning mart oyida uy xarid qilganlar 2026-yilning mart oyiga kelib o‘rtacha 14,6 foiz daromad ko‘rgan.
Ko‘chmas mulk yoki bank omonati: Qaysi biri ko‘proq daromad keltiradi?

Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta.uz

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarning daromadlilik darajasini o‘rganib chiqdi

Natijalarga ko‘ra, 2025-yilning mart oyida uy xarid qilganlar 2026-yilning mart oyiga kelib o‘rtacha 14,6 foiz daromad ko‘rgan. 

Bu ko‘rsatkich yil davomida uy-joy narxining o‘zgarishi hamda uni ijaraga berishdan olingan daromadni o‘z ichiga oladi. 

Bunda ijaradan keladigan o‘rtacha daromadlilik 8,7 foizdan 8 foizgacha kamaygan. Uy-joylarning o‘rtacha narxi esa 6,6 foizga qimmatlagan. 

Toshkent shahridagi uy-joy va ijara narxlari tumanlar kesimida turlicha bo‘lgani bois, ularning keltirgan daromadi ham farqlangan. 

Manba: IMRS

Eng yuqori ko‘rsatkich Mirobod tumanidagi 1 xonali uylarda kuzatilib, 50 foiz daromad keltirgan. 2025-yilda bu ko‘rsatkich tumanda 1 foizni tashkil etgandi.

Bir xonali uylar

  • Mirobod — (50,0%) (1,0%)
  • Bektemir — (19,3%) (22,8%)

Ikki xonali uylar

  • Yunusobod — (24,8%) (0,5%)
  • Yakkasaroy — (13,0%) (16,5%)

Uch xonali uylar

  • Mirobod — (12,9%) (9,5%)
  • Chilonzor — (3,8%) (8,7%)

To‘rt xonali uylar

  • Yakkasaroy — (18,5%) (12,2%)
  • Bektemir — (-14,1%) (4,3%)

So‘nggi bir yil ichida poytaxt tumanlari bo‘yicha uy-joy narxlari o‘rtacha darajadan sezilarli darajada uzoqlashgan. 

Sodda qilib aytganda, tumanlar o‘rtasidagi narx farqi kengaygan. 2025-yil mart oyida bu farq 2,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yil martiga kelib 5,4 foizga yetdi. 

Bu ayrim tumanlarda uy-joylar tez qimmatlashganini, boshqalarida esa sekin yoki deyarli o‘zgarmaganini anglatadi. 

Ijara narxlarida esa bu ko‘rsatkich unchalik yuqori emas va 0,6 foizni tashkil etmoqda.

Uy-joy narxining o‘sishidan kelgan daromad

2025-yilning mart oyida poytaxtdan uy xarid qilib, joriy yilning mart oyida uni sotganlar narx oshishi hisobiga o‘rtacha 6,6 foiz daromad ko‘rgan. 

Bu ko‘rsatkich ham tumanlar kesimida turlicha bo‘lgan. Jumladan, Mirobod tumanidan uy olganlar 16,6 foiz daromad ko‘rgan. 

Shuningdek, Yakkasaroy (12,4%), Yashnobod (3,1%), Bektemir (0,8%) tumanlaridan uy olganlar ham foyda ko‘rgan. 

Biroq, Chilonzor tumanida ko‘p qavatli uy narxining o‘rtacha 1,9 foizga arzonlagani hisobiga zarar ko‘rilgan.

Faqat ijaradan kelgan daromad

2026-yilning mart oyida poytaxtda uy-joy ijarasidan olinadigan o‘rtacha daromadlilik 8 foizni tashkil etdi. 2025-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 8,7 foiz edi. 

Ushbu davrda ijara bo‘yicha eng yuqori daromadlilik Shayxontohur (9,1%) hamda Yashnobod (8,4%) tumanlarida qayd etilgan.

Jozibadorlik jihatidan

Ushbu davrda daromad keltirish jihatidan poytaxtdagi bir va ikki xonali uylar nisbatan jozibador bo‘ldi. 

Manba: IMRS

Xususan, so‘nggi bir yilda bir xonali uy o‘rtacha 29,8 foiz, ikki xonali uy esa 17,4 foiz daromad keltirgan. 

2025-yilda ularning daromadliligi mos ravishda 9,3 foiz va 4,8 foizni tashkil etgan edi. 

Bu so‘nggi bir yilda ularning daromad keltirish jihatidan jozibadorligi yanada oshganini ko‘rsatadi. 

Uch xonali uylarda bu ko‘rsatkich 8,7 foizni (2025-yil martida 6,2 foiz edi), to‘rt xonali uylarda esa 2,4 foizni (2025-yil martida 4,4 foiz edi) tashkil etdi.

Omonatlar bilan taqqoslaganda

2025-yil martidan 2026-yil martigacha bo‘lgan davrda chet el valyutasidagi muddatli depozitlarining o‘rtacha foiz stavkasi 4,9 foizni tashkil etdi. 

Milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka esa 21,2 foizga teng bo‘ldi. 

Bu so‘nggi bir yilda aholining chet el valyutasidagi muddatli depozitlari daromadliligi uy-joy daromadliligidan past bo‘lganini ko‘rsatadi. 

Milliy valyutadagi muddatli depozitlar esa, aksincha, jozibadorligi yuqoriligicha saqlanib qolayotganini bildiradi.

#omonat#uy-joy

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar