Xususiy universitetlarda 620 mingdan ortiq talaba o‘qiyapti — statistika

21.04.2026 07:13
O'zbekchaРусский
2026-yil 20-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 74 ta xususiy universitetda 620 581 nafar talaba tahsil olmoqda. Taqqoslash uchun, 2025-yilning 11-yanvar holatiga ko‘ra, 70 ta xususiy universitetda 515 634 nafar talaba o‘qiyotgan edi.
Xususiy universitetlarda 620 mingdan ortiq talaba o‘qiyapti — statistika

Foto: Madina A’zam / Gazeta.uz

2026-yil 20-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 74 ta xususiy universitetda 620 581 nafar talaba tahsil olmoqda. 

Taqqoslash uchun, 2025-yilning 11-yanvar holatiga ko‘ra, 70 ta xususiy universitetda 515 634 nafar talaba o‘qiyotgan edi. 

O‘sha vaqtda ushbu talabalarning 70 foizi yoki 363 ming nafari sirtqi ta’lim shaklida o‘qirdi. 

2026-yil 20-aprel holatiga kelib, bu ko‘rsatkichlarda sezilarli o‘zgarish yuz bergan. 

Jumladan, mavjud 620 581 nafar talabaning 57 foizi yoki 353 992 nafari sirtqi ta’limda tahsil olmoqda. 

Ushbu bir yildan ko‘proq davr mobaynida xususiy universitetlarning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotganlar soni 47 foizga oshib, 227 888 nafarga yetgan. 

Infografika: tanga.uz

Xususiy universitetlarda o‘qiyotgan talabalarning katta qismini, aniqrog‘i 60 foizini, ayollar tashkil etadi. 

Talabalarning to‘lov shakli kesimida esa jami talabalarning atigi 0,24 foizigina grant asosida o‘qiydi. 

20-aprel holatiga O‘zbekistonda eng ko‘p talabaga ega bo‘lgan beshta oliy ta’lim muassasasi quyidagilar:

  1. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (davlat) — 48 919
  2. Toshkent Kimyo xalqaro universiteti (xususiy) — 37 144
  3. ISFT instituti (xususiy) — 35 139
  4. University of Business and Science (xususiy) — 34 793
  5. O‘zbekiston Milliy universiteti (davlat) — 32 666

2025-yilning 11-yanvar holatiga ko‘ra talabalari soni 28 mingdan ko‘p bo‘lgan Amaliy fanlar universiteti joriy beshlikdan o‘rin olmagan. 

O‘shanda beshtalikda bo‘lmagan University of Business and Science esa salkam 35 mingga yaqin talaba bilan to‘rtinchi o‘ringa joylashgan. 

Shuningdek, ushbu davrda ISFT instituti talabalari soni 5 578 nafarga ko‘paygan. 

Ma’lumot uchun, 2026-yil 20-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 207 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ularning 101 tasi davlat, 74 tasi xususiy, 32 tasi esa xorijiy oliygohlardir. 

Ulardagi jami talabalar soni 1 mln 617 ming nafarni tashkil etmoqda va ularning 55 foizini ayollar tashkil qiladi.

#xususiy_universitetlar#universitetlar

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar