2026-yil oxirigacha banklarni xalqaro moliyaviy standartlarga to‘liq o‘tkazamiz.
Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Uzreport TV telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Bu yilning oxirigacha banklarni xalqaro moliyaviy standartlarga to‘liq o‘tkazamiz. Bu borada muammoli aktivlarni hisoblash bo‘yicha bizning milliy metodologiyamiz xalqaro metodologiyadan biroz farq qiladi. Xalqaro standartga o‘tishdan asosiy maqsad — yagona xalqaro standart asosida bor manzarani ko‘rib, shunga qarab ishlash — dedi Ishmetov.
U mazkur jarayon bo‘yicha hukumat bilan birgalikda doimiy ish olib borilayotganini ta’kidladi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, banklarda risk-menejmentini ham yaxshilash kerak.
Kredit ajratishda uni ko‘proq sifatli qarz oluvchilarga berish juda muhim masala ekanligi qayd etildi.
Intervyuda, shuningdek, noaniqliklar fonida mamlakatda olib borilayotgan pul-kredit siyosatiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Markaziy bank raisi O‘zbekistonda pul-kredit siyosati ancha qat’iy ekanini ta’kidlab, global notinchliklar fonida asosiy stavkani ko‘tarishga hali vaqtli ekanini bildirdi.
Ishmetov tashqi xatarlar davom etadigan bo‘lsa, sharoitdan kelib chiqib Markaziy bank siyosati o‘zgarishi mumkinligini ham inkor qilmadi.
