Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 2026-yilning birinchi choragidagi moliyaviy ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, kompaniya chorakni 151,7 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlagan.
Kompaniyaning sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 barobardan ko‘proqqa oshgan.

Infografika: tanga.uz
Bu davrda aviakompaniya daromadi 1 foizga o‘sib, 3,86 trln so‘mni tashkil etgan.
Ushbu daromadning 3,25 trln so‘mi tannarx hissasiga to‘g‘ri keladi.
Aviakompaniya bu davrda tannarxni 400 mlrd so‘mga yoki 11 foizga kamaytirishga muvaffaq bo‘lgan.
Bu esa sof foydaning keskin o‘sishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Xarajatlar esa ushbu davrda 50 mlrd so‘mga ko‘payib, 261 mlrd so‘mga yetgan.
Xarajatlar tarkibida eng sezilarli o‘sish sotish xarajatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mazkur xarajat o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 57 foizga oshib, 82 mlrd so‘mni tashkil etgan. Boshqa xarajatlar esa 37 foizga o‘sib, 149 mlrd so‘mga yetgan.
Aviakompaniyaning ma’muriy xarajatlari, aksincha, 20 mlrd so‘mga kamayib, 30 mlrd so‘mga teng bo‘lgan.
Ushbu davrda aviakompaniya 90,7 mlrd so‘m daromad solig‘i to‘lagan.
Taqqoslash uchun, Uzbekistan Airways o‘tgan yilning mos davrida 108 mlrd so‘m daromad solig‘i to‘lagan edi.
