Naqdsiz to‘lovga o‘tish oldidan uy-joy bozori mart oyida keskin faollashdi — 47 foiz o‘sish

24.04.2026 07:17
O'zbekchaРусский
2026-yilning mart oyida O‘zbekiston bo‘yicha 43,6 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi tuzildi. Bitimlar soni fevral oyiga nisbatan 47 foizga, o‘tgan yilning mos davriga qaraganda esa 2 barobarga oshgan.
Naqdsiz to‘lovga o‘tish oldidan uy-joy bozori mart oyida keskin faollashdi — 47 foiz o‘sish

Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026-yil mart oyi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozoridagi o'zgarishlarni tahlil qildi.

Tahlilga ko‘ra, bu oyda 43,6 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi tuzilgan. 

Bitimlar soni fevral oyiga nisbatan 13,9 mingtaga yoki 47 foizga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 2 barobarga ko‘paygan. 

Markaz tahlilchilarning fikricha, bunday sezilarli o‘sish aprel oyidan boshlab naqdsiz hisob-kitoblarga o‘tilishi bilan bog‘liq. 

Mazkur o‘zgarish ayrim xaridorlarni uy-joy sotib olishni oldinroq amalga oshirishga undagan bo‘lishi mumkin.

Hududlar kesimida

Mart oyida o‘tgan oyga nisbatan respublikaning barcha hududlarida uy-joy bozorida faollik oshgan. 

Eng yuqori o‘sish Jizzax (73%), Sirdaryo (65%) hamda Namangan (63%) viloyatlarida kuzatilgan. 

Jami bitimlarning qariyb 34 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. 

Poytaxtda bir oy davomida savdo hajmi 44 foizga oshib, 12,8 mingtaga yaqin bitim qayd etilgan.

Ikkilamchi bozor

Mart oyida O‘zbekiston bo‘yicha uy-joy bozorida narxlar oylik hisobda 0,4 foizga, yillik hisobda esa 10 foizga oshgan. 

Eng katta o‘sish Sirdaryo (22%), Samarqand (19%) hamda Andijon (18%) viloyatlarida kuzatilgan.

Toshkent shahrida uy-joy bozori

Poytaxtda uy-joy narxlari segmentlar kesimida turlicha o‘zgargan. 

Ikkilamchi bozorda o‘sish sekinlashgan bo‘lsa, yangi uylar bozorida narxlar sezilarli darajada oshgan. 

Yillik hisobda ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha narxi 5 foizga ko‘tarilgan. 

Eng yuqori o‘sish Mirobod (7,3%), Mirzo Ulug‘bek (7,2%) hamda Chilonzor (6,9%) tumanlarida kuzatilgan. 

Yangi uy-joylar bozorida esa narxlar yanada tezroq o‘sgan. O‘tgan yilning mart oyiga nisbatan bir kvadrat metrning o‘rtacha narxi 8,8 foizga oshgan. 

Yangi uylarda eng yuqori o‘sish Mirzo Ulug‘bek (15,5%), Mirobod (15%) hamda Yunusobod (14,6%) tumanlarida qayd etilgan.

Poytaxtda ijara narxlari

Mart oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi har bir kvadrat metr uchun qariyb 8,9 dollarni tashkil etdi. 

Bu fevral oyiga nisbatan 2,7 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 10,8 foizga yuqoridir. 

Eng yuqori ijara narxlari asosan poytaxtning markaziy tumanlarida saqlanib qolmoqda. 

Jumladan, Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida bir kvadrat metr ijara narxi o‘rtacha 11 dollar atrofida bo‘lgan. 

Shu bilan birga, yillik hisobda ijara narxlarining eng katta o‘sishi Yashnobod tumanida kuzatilib, 18,9 foizni tashkil etgan. 

Mirzo Ulug‘bek tumanida bu ko‘rsatkich 14,3 foiz, Yakkasaroy tumanida esa 12,5 foiz bo‘lgan.

#uy-joy#uy_joy_bozori

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar