Raqobat qo‘mitasi elektron tijoratda eskrou to‘lov tizimini joriy etishni taklif qildi.
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, birinchi chorakda elektron platformalar yuzasidan 1657 ta murojaat kelib tushgan.
Ularning asosiy qismi tovar sifati (602 ta), to‘lov munosabatlari (278 ta) hamda tovarlarni yetkazib berish (188 ta) jarayonlariga to‘g‘ri keladi.
Raqobat qo‘mitasi murojaatlardan kelib chiqib, yuqoridagi uchta muammo elektron tijoratda iste’molchilarni qiynayotganini ta’kidladi.
Shunga ko‘ra, qo‘mita xalqaro tajriba asosida bir qator yechimlarni taklif etdi.
Xususan, eskrou to‘lov tizimini joriy etish, sotuvchilar reytingi va javobgarligi tizimini shakllantirish hamda arbitraj tizimini yaratish taklif qilindi.
Ma’lumot uchun, eskrou to‘lov tizimida xaridor tovarni olib, tasdiqlamaguncha pul sotuvchining hisobiga o‘tmaydi.
Qo‘mitaning sotuvchilar reytingi va javobgarligi borasidagi taklifida sifatsiz tovar sotgan tadbirkorlarni platformadan chetlashtirishning qat’iy tizimini joriy etish nazarda tutilgan.
Nizolarni avtomatlashtirilgan tarzda hal qilishga oid navbatdagi taklifda esa har bir murojaatni qo‘lda ko‘rib chiqish o‘rniga, platformaning o‘zida arbitraj tizimini yaratish ko‘zda tutilgan.
Qo‘mita, shuningdek, elektron tijorat sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish hamda raqamli savodxonlikni oshirishga chaqirdi.
Shu bilan birga, logistika markazlarini sertifikatlashni ham taklif qildi.
