UzNIF aksiyalarining birlamchi ommaviy taklifi (IPO) boshlandi. Jarayon 12-maygacha davom etadi

29.04.2026 07:25
O'zbekchaРусский
O‘zbekiston Milliy investitsiya fondining (UzNIF) aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) jarayoni boshlandi. Jarayon 29-apreldan boshlanib, 12-mayga qadar davom etadi. Shu davr mobaynida investorlar ariza berishlari mumkin.
UzNIF aksiyalarining birlamchi ommaviy taklifi (IPO) boshlandi. Jarayon 12-maygacha davom etadi

Foto: UzNIF

O‘zbekiston Milliy investitsiya fondining (UzNIF) aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) jarayoni boshlandi.

Ushbu jarayon doirasida investorlar oddiy aksiyalar hamda global depozitar tilxatlarni (GDR) sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

IPO jarayoni 29-apreldan boshlanib, 12-mayga qadar davom etadi. Shu davr mobaynida investorlar ariza berishlari mumkin. 

Xalqaro bozorda arizalar qabuli Buyuk Britaniya vaqti bilan soat 12:00 da, Toshkentda esa soat 17:00 da yakunlanadi. 

Aksiyalar narxi chakana investorlar uchun 4,65 so‘m etib belgilandi. GDR narxi esa 25 dollarni tashkil etadi (har bir GDR 64 700 dona aksiyaga teng). 

Jismoniy shaxslar uchun 12 mlrd so‘mgacha bo‘lgan arizalarga 5 foizlik chegirma taqdim etiladi va ular uchun aksiya narxi 4,41 so‘mni tashkil qiladi. 

IPO doirasida chiqarilayotgan barcha aksiyalar O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sotuvga qo‘yilmoqda. 

Jami chiqarilgan aksiyalar soni 5 trln donadan ortiq bo‘lib, ularning taxminan 30 foizi IPO orqali sotilishi rejalashtirilgan. 

Shu asosda kompaniya qiymati qariyb 1,95 mlrd dollarga baholangan. Agar talab yuqori bo‘lsa, xalqaro joylashtirishda qo‘shimcha 15 foizgacha aksiyalar ham sotuvga chiqarilishi mumkin. 

BlackRock va Franklin Resources kabi yirik xalqaro investitsiya fondlari allaqachon taxminan 300 mln dollarlik GDR sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan. 

Chakana investorlar aksiyalarni mahalliy brokerlar yoki Jett platformasi orqali sotib olish uchun ariza topshirishlari mumkin. 

Buning uchun oldindan brokerlik hisobvarag‘ini ochish talab etiladi. 

IPO yakunlangach, 2026-yil 18-mayda aksiyalarning Toshkent fond birjasida, GDR’larning esa London fond birjasida savdoga chiqarilishi kutilmoqda.

Ma'lumot uchun, UzNIF davlatga qarashli 13 ta yirik kompaniyaning 25 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan strategik ulushiga egalik qiladi. 

Infografika: tanga.uz

Jamg‘arma portfelining umumiy qiymati 2,44 mlrd dollardan oshadi.

#uznif#IPO

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar