Hakimov Abdurashid Baxrom o’g’li O‘zsanoatqurilishbank boshqaruv raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Bu bo‘yicha tegishli qaror 30-aprel kuni bank Kuzatuv kengashi tomonidan qabul qilingan.

Kengash qaroridan skrinshot
Hakimov 2020-yil 15-oktyabrdan buyon ushbu lavozimda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Shuhrat Yoqubovning o‘rnini egallaydi.
Yoqubov esa kengash qarori bilan boshqaruv raisining xususiylashtirish jarayonlarini boshqarish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga o‘tkazildi.
Hokimovning nomzodi Markaziy bank tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng o‘z vakolatlari doirasida ishga kirishadi.
Abdurashid Hakimov haqida
Abdurashid Hakimovning LinkedIn sahifasiga ko‘ra, u 2018-yilda Toshkent xalqaro Vestminster universitetining bakalavr bosqichini tamomlagan.
Shuningdek, 2022-yilda Germaniyaning Tyubingen universitetida magistratura bosqichini ham tugatgan.
Mehnat faoliyatini 2018-yilda O‘zsanoatqurilishbank’ning moliya institutlari departamentida kichik mutaxassis sifatida boshlagan.
2023-yil oxiriga kelib esa Moliya institutlari va investorlar bilan ishlash departamenti direktori lavozimiga tayinlangan.
Keyinchalik, 2024-yil oktyabr oyiga kelib, SQB Insurance sug‘urta kompaniyasining Kuzatuv kengashi a’zosi sifatida ish boshlagan va hozirga qadar shu lavozimda faoliyat yuritib kelgan.
