ANORBANK korporativ obligatsiyalari chiqariluvi birja kotirovkalash varag‘iga kiritildi.
Bu haqda Toshkent fond birjasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Birja xabariga ko‘ra, ushbu obligatsiyalarni joylashtirish 2026-yil 13-maydan boshlanadi.

Foto: Toshkent RFB
Bankning korporativ obligatsiyalari umumiy qiymati 50 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Har birining nominal qiymati 100 ming so‘m bo‘lgan jami 500 ming dona obligatsiya chiqarilgan.
Bu investorlarga nisbatan kichikroq summadan sarmoya kiritish imkoniyatini beradi.
Obligatsiyalar bo‘yicha daromad kupon shaklida to‘lab boriladi.
Kupon stavkasi yillik 22 foizni tashkil etib, to‘lovlar har 90 kunda amalga oshiriladi.
Ushbu qimmatli qog‘ozlarning muomala muddati 1080 kunni (3 yil) tashkil etadi.
Muddat yakunida obligatsiya egalari asosiy qarz summasini ham qaytarib oladi.
Ma’lumot uchun, ANORBANK korporativ obligatsiyalarni ilk bor chiqarmoqda.
