Prezident qarori bilan Orif Butayev Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.
Mazkur qaror bilan Butayev ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari lavozimini ham egalladi.
Butayev tayinlovga qadar 2020-yildan buyon Mikrokreditbank boshqaruvi raisi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Orif Butayev haqida
Orif Aliboyevich Butayev 1983-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan.
2006-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2012-yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.
Mutaxassisligi — bank ishi, investitsiyalarni boshqarish.
Mehnat faoliyatini 2006-yilda Markaziy bankning Tijorat banklariga litsenziya berish va ular faoliyatini tartibga solish departamentida boshlagan.
Shu tariqa nazorat organida 13 yil faoliyat yuritib, 2018–2019-yillarda Markaziy bank raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Shundan so‘ng, 2019-yil noyabridan 2020-yil fevraligacha O‘zsanoatqurilishbank boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
2020-yil fevralidan hozirga qadar Mikrokreditbank boshqaruv raisi bo‘lib ishlab kelayotgan edi.
