Prezident qarori bilan Azizbek Urunov Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi.
Urunov mazkur lavozimga o‘rindoshlik asosida o‘tgan. U bir vaqtning o‘zida davlat rahbarining Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili sifatida ham faoliyat yuritadi.
Azizbek Urunov haqida
Azizbek Urunov O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha bosh muzokarachisi hisoblanadi.
U mazkur lavozimda 2025-yil iyulidan buyon ishlab kelmoqda.
Bunga qadar, 2023-yil iyunidan Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili sifatida faoliyat yuritgan.
2018−2023-yillarda Azizbek Urunov Prezident administratsiyasida katta konsultant lavozimida ishlab, JST va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi masalalarini muvofiqlashtirgan.
2018-yilda qisqa muddat Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida departamentga rahbarlik qilib, davlat rivojlanish dasturlari bilan shug‘ullangan.
Bundan avval, 2015−2018-yillarda O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligida departament boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Urunov Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning KDI Davlat siyosati va boshqaruvi maktabida magistr darajasini olgan hamda Oksford universitetining Said Business School dasturida tahsil olgan.
