Hamkorbank boshqaruv raisi o‘zgardi

13.05.2026 08:59
O'zbekchaРусский
Rafal Yushchak Hamkorbank boshqaruv raisi etib tayinlandi. Tayinlov Markaziy bank bilan kelishilgach, rasman kuchga kiradi. Bankni shu vaqtgacha boshqarib kelgan Baxtiyorjon Jo‘rayev boshqaruv raisining o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan.
Hamkorbank boshqaruv raisi o‘zgardi

Rafal Yushchak va Baxtiyor Jo‘rayev

Hamkorbank boshqaruvi raisi o‘zgardi. Bu o‘zgarish haqida Bank-moliya va fintexdagi tayinlovlar kanali xabar berdi.

Unga ko‘ra, Rafal Yushchak Hamkorbank boshqaruv raisi etib tayinlangan.

Tayinlov Markaziy bank bilan kelishilganidan so‘ng rasman kuchga kiradi.

Shu vaqtgacha bankni boshqarib kelgan Baxtiyorjon Jo‘rayev esa boshqaruv raisining o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan.

Ayrim mustaqil manbalarning yozishicha, Jo‘rayev o‘z xohishiga ko‘ra bank boshqaruv raisi lavozimidan bo‘shagan.

Rafal Yushchak haqida

Rafal Yushchakning LinkedIn sahifasiga ko‘ra, mehnat faoliyati davomida asosan moliya sohasida ishlagan.

Dastlab 1996-yilda Societe Generale bankining Polshadagi bo‘linmasida ichki audit yo‘nalishida faoliyat yuritgan.

Keyinchalik Citibank’ning Polshadagi bo‘limida turli boshqaruv lavozimlarini egallab, bo‘linma rahbari darajasigacha ko‘tarilgan.

Shundan so‘ng PKO Bank Polski hamda First Ukrainian International Bank kabi yirik moliyaviy muassasalarda ijrochi vitse-prezident va bosh direktor (CEO) lavozimlarida ishlagan.

2012–2019-yillar mobaynida Belarus va Ukraina bank sektorida, xususan, Alfa-Bank Ukraine va Alfa-Bank’da bosh direktor (CEO) sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2024-yildan boshlab esa mustaqil biznes-konsultant sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Shu bilan birga, Aurora Multimarket kompaniyasida biznes maslahatchisi bo‘lib ham ishlagan.

Baxtiyorjon Jo‘rayev haqida

Jo‘rayev Baxtiyorjon To‘ymurodovich 1981-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan.

2002-yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini, 2010-yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

Mutaxassisligi — marketing va bank ishi. U bank tizimida 2002-yildan buyon faoliyat yuritib keladi. 2021-yildan Hamkorbank boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

#rafal_yushchak#baxtiyor_jo‘rayev#hamkorbank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar