Markaziy bank tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimi operatorlarini bankomatlar bilan bog‘liq muammolarga yondashuvni o‘zgartirishga chaqirmoqda.
Nazorat organiga ko‘ra, karta bankomatda qolib ketsa yoki ortiqcha komissiya ushlab qolinsa, bu oddiy texnik nosozlik sifatida qaralmasligi kerak.
Bank kartasidan mablag‘lar yechib olinishi, lekin naqd pul berilmasligi, uzoq kechikish bilan qaytarilishi yoki muvaffaqiyatsiz amaliyot bo‘yicha xizmat haqi ushlab qolinishi kabi holatlar ikkinchi darajali texnik hodisa sifatida emas, balki iste’molchilarning mulkiy manfaatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan masala sifatida ko‘rib chiqilishi shart — deyiladi Markaziy bank xabarida.
Shu sababli Markaziy bank bunday murojaatlarni tez va aniq ko‘rib chiqishga chaqirdi.
Mijozni banklar o‘rtasida sarson qilmaslik kerakligi ham alohida ta’kidlandi.
Bankomatda muammo yuzaga kelsa, mijozga nima qilishi kerakligi haqida tushunarli ma’lumot berilishi lozimligi qayd etildi.
Markaziy bank agar nosozlik ichki tizimlar orqali tasdiqlansa, mijozni bankka qayta chaqirmasdan muammoni hal qilishga chaqirdi.
Ayrim holatlarda ushlab qolingan mablag‘ va komissiyani avtomatik tarzda qaytarish mexanizmlarini joriy etish ham zarur ekani ta’kidlandi.
Markaziy bank shuningdek, bozor ishtirokchilaridan bankomatlarning texnik holatini doimiy nazorat qilib borishni talab qildi.
