Sandro Rtveladze 2026-yil 1-iyuldan Ipoteka-bank boshqaruv raisi lavozimidagi faoliyatini yakunlaydi.
Bu haqda bankning rasmiy saytida xabar berildi. Gruziyalik mutaxassis mazkur bankni 2024-yil sentyabr oyidan buyon boshqarib kelayotgandi.
Bank xususiylashtirilgandan so‘ng ilk davrdagi samarali faoliyati uchun unga minnatdorchilik bildirilgan.
Xususan, uning rahbarligi davrida kapital mustahkamlangani, aktivlar sifati yaxshilangani va bank rentabelligi tiklangani ta’kidlangan.
Shuningdek, uning boshqaruvida bankning kelgusidagi barqaror o‘sishiga asos bo‘ladigan operatsion model yaratilgani bildirilgan.
Ma’lumot uchun, Sandro Rtveladze 1984-yilda Gruziyaning Tbilisi shahrida tug‘ilgan.
U bank sohasida katta tajribaga ega mutaxassis bo‘lib, Gruziya, Gana, O‘zbekiston va Rossiya kabi mamlakatlarda faoliyat yuritgan.
Jumladan, 2020-yilda TBC Bank Kuzatuv kengashiga rahbarlik qilgan.
2022–2023-yillarda Rossiyadagi OTP Bank boshqaruvi raisining o‘rinbosari, 2023–2024-yillarda esa boshqaruv raisining maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.
