Alif fintex kompaniyasi 2025-yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, kompaniya yilni 37,5 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlagan.
Kompaniya sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,7 mlrd so‘mga yoki 15 foizga kamaygan.

Infografika: tanga.uz
Asosiy faoliyatdan olingan daromadlar esa 37,6 mlrd so‘mga ko‘payib, 173 mlrd so‘mga yetgan.
Kompaniyaning umumiy va ma’muriy xarajatlari ham o‘z navbatida oshgan.
2024-yilda mazkur xarajatlar 91,6 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda 135,7 mlrd so‘mga yetgan. Alif hisobot yili uchun 493 mlrd so‘m soliq to‘lagan.
Balans
2025-yilda Alif kompaniyasining aktivlari 73 mlrd so‘mga ko‘payib, 158 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Aktivlarning bunday o‘sishida kompaniyaning xususiy kapitali ortishi muhim rol o‘ynagan.
Kompaniyaning xususiy kapitali yil davomida qariyb besh barobarga oshib, 62 mlrd so‘mga yetgan.
Majburiyatlari esa 24 mlrd so‘mga ko‘payib, 96 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Xususiy kapitalning bunday o‘sishiga taqsimlanmagan foyda va ustav kapitalining ortishi sabab bo‘lgan.
Hisobot davrida kompaniyaning taqsimlanmagan foydasi 38 mlrd so‘mga ko‘payib, 40 mlrd so‘mga yetgan.
Ustav kapitali esa 10 mlrd so‘mga oshirilib, 20 mlrd so‘mga yetkazilgan.
