Qirg‘izistonda Starlink rasman ishga tushdi

25.05.2026 05:59
O'zbekchaРусский
SpaceX kompaniyasining Starlink sun’iy yo‘ldosh internet xizmati Qirg‘iziston hududida rasman ishga tushdi. Mamlakat hukumati ushbu loyiha orqali chekka hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda.
Qirg‘izistonda Starlink rasman ishga tushdi

Foto: Bloomberg

SpaceX kompaniyasining Starlink sun’iy yo‘ldosh internet xizmati Qirg‘iziston hududida rasman faoliyat boshladi. Mamlakat kompaniyaning Starlink xizmati mavjud bo‘lgan hududlar qatoriga kiritildi.

Qirg‘iziston hukumati ushbu loyiha orqali, avvalo, chekka hududlardagi maktablar, shifoxonalar va raqamli infratuzilma yetib bormagan aholi punktlarini yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlashni rejalashtirgan.

Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyoda Starlink birinchi bo‘lib Qozog‘istonda 2025-yilning 13-avgustida rasman ishga tushirilgan edi. Undan avval tizim qishloq maktablarida pilot loyiha sifatida sinovdan o‘tkazilgan.

2026-yilning 5-fevralida esa Starlink Tojikistonda ham rasman ishga tushdi. Endilikda, 2026-yil 23-maydan boshlab Qirg‘iziston ham sun’iy yo‘ldosh interneti mavjud davlatlar qatoriga qo‘shildi.

O‘zbekistondagi vaziyat

Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida O‘zbekiston hamda Turkmaniston Starlink ishga tushmagan davlatlar bo‘lib turibdi.

Starlink xaritasida ushbu ikki mamlakat xizmat tez kunda ishga tushishi kutilayotgan mamlakatlar qatorida ko‘rsatilgan.

Skrinshot: SpeceX

2026-yilning mart oyida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov mamlakatda 2026-yilda sun’iy yo‘ldosh interneti sinov tariqasida ishga tushishini ma’lum qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi to‘qqiz yilda O‘zbekiston tarmoqqa ulanishni ta’minlashda ulkan yutuqqa erishib, raqamli tengsizlik masalasini deyarli to‘liq hal qilgan.

Ma’lumot uchun, SpaceX kompaniyasi O‘zbekistonda allaqachon yuridik korxona tashkil etgan. Korxona 2025-yilning 6-avgustida ro‘yxatga olingan bo‘lib, uning uchun 400 mln so‘m miqdorida ustav kapitali shakllantirilgan.

Manba: stat.uz

Bu esa Starlink xizmatlari mamlakatda tez orada paydo bo‘lishi yaqinligidan dalolat beradi.

Beshtor kanali muallifi avvalroq Starlink xizmatlari narxini o‘rganib chiqqan edi. Uning o‘rganishlariga ko‘ra, uskunalar taxminan 3 mln so‘mdan 5 mln so‘mgacha turadi.

Oylik to‘lov esa 500 ming so‘mdan boshlanadi. Buning evaziga cheksiz trafik va taxminan 200-300 Mbit/s tezlik taqdim etiladi. Muallif mahalliy provayderlar hozirda shunga yaqin paketlarni arzonroq narxda taklif etayotganini bildirgan edi.

#Starlink#Qirg‘iziston

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan