Markaziy bank qoshida 50 mln dollarlik venchur fond tashkil etildi. Bu haqda Pivot nashri xabar bermoqda.
Eslatib o'tamiz, 2025-yilning noyabr oyida O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan Prezident qarori qabul qilingan edi.
Mazkur qarorda Markaziy bank huzurida ustav fondi 50 mln dollarga teng bo‘lgan, startap loyihalarni moliyalashtiruvchi venchur fondi tashkil etilishi ham nazarda tutilgan edi.
Aynan ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Markaziy bank huzurida venchur fondi tashkil etilmoqda.
Pivot nashrining yozishicha, ushbu fondning yuridik egasi “Silk Road Venture” MChJ bo‘lib, dastlabki bosqichda uning ustav kapitali 70 mlrd so‘m miqdorida shakllantirilmoqda.
Ochiq manbalardan ushbu fondning ro‘yxatdan o‘tgan ma’lumotlarini topishning imkoni bo‘lmadi (ma’lumotlar yangilanmagan bo‘lishi ham mumkin).
Fond moliyaviy taxnologiyalar (FinTech) yo‘nalishidagi startaplarni dastlabki bosqichlarda (Seed va Series A) moliyalashtirishga qaratilgan.
Nashrga ko‘ra, fond asosan yuqori o‘sish salohiyatiga ega bo‘lgan fintex, to‘lov tizimlari, B2B dasturiy ta’minotlari (SaaS) va blokcheyn loyihalariga investitsiya bilan birga tajriba hamda xalqaro aloqalarni olib kiradi.
