Raqobat qo‘mitasi Centrum Air va Qanot Sharq xususiy aviakompaniyalari faoliyati yuzasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligiga so‘rov yubordi.
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, so‘nggi paytlarda ushbu aviakompaniyalar ustidan shikoyatlar soni ortgan.
2025-yilda 127 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki 4 oyida bu ko‘rsatkich 145 taga yetgan.
O‘rganishlar davomida ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq undirish, reyslarning kechikishi va sifatsiz xizmat ko‘rsatish holatlari aniqlangan.
Shuningdek, yo‘lovchilarga o‘z vaqtida to‘liq ma’lumot berilmasligi, oldindan bron qilingan o‘rinlarning taqdim etilmasligi va parvozlarning kechikishi uchun yetarli kompensatsiya to‘lanmasligi qayd etilgan.
Raqobat qo‘mitasi bu holatlar iste’molchilar huquqlarining buzilishi ekanini ta’kidladi. Shu munosabat bilan agentlikdan zarur choralarni ko‘rish so‘ralgan.
Qo‘mita, shuningdek, mamlakatdagi barcha aviakompaniyalar bo‘yicha reyslarning kechikishi va kompensatsiya to‘lash masalalarini o‘rganayotganini ham ma’lum qildi.
