Tadbirkorlarga banklarning kredit takliflarini solishtirish imkonini beruvchi platforma ishlab chiqiladi

26.05.2026 03:45
O'zbekchaРусский
Prezident kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi takliflar bilan tanishdi. Tadbirkorlar uchun raqamli platforma, muqobil skoring va qo‘shimcha yengilliklar joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Tadbirkorlarga banklarning kredit takliflarini solishtirish imkonini beruvchi platforma ishlab chiqiladi

Timur Ishmetov / Foto: Prezident matbuot xizmati

25-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Jumladan, tadbirkorning kredit olish uchun bir nechta bank taklifini bir joyda ko‘rish, solishtirish va o‘ziga maqbul shartlarni tanlash imkoniyati yo‘qligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan raqamli moliyaviy platformani ishga tushirish taklif etildi. U orqali tadbirkor kredit olish uchun ariza topshiradi, bir nechta bankdan tijorat takliflarini oladi hamda ularni taqqoslab, o‘ziga qulayini tanlaydi.

Platforma davlat ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi. Bu kredit berish jarayonida hujjat yig‘ish, ortiqcha vaqt sarflash va inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, taqdimotda 2026-yil 1-dekabrdan boshlab platforma doirasida sun’iy intellekt texnologiyalari elementlaridan foydalangan holda muqobil skoring modeli joriy etilishi ma’lum qilindi.

Aytilishicha, an’anaviy skoring asosan kredit tarixiga tayansa, muqobil skoring biznes faolligi, kommunal to‘lovlar, aylanmalar, soliq va boshqa raqamli ma’lumotlarni ham inobatga oladi.

Shu bilan birga, tijorat banklari tomonidan “AI maslahatchisi” dasturini ishga tushirish ham ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur dastur mahallalarning ixtisoslashuvi va o‘sish nuqtalarini hisobga olgan holda biznes g‘oyalarni ishlab chiqish hamda ularni moliyalashtirish imkoniyatlarini aniqlashga ko‘maklashishi aytildi.

Bundan tashqari, kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida qo‘shimcha yengilliklar belgilanmoqda.

Avval dastur doirasida mikrokreditdan foydalangan va ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlar uchun mikrokreditning garovsiz qismi 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mgacha oshirilishi aytildi.

Qolaversa, kredit yoki lizing miqdoridan qat’i nazar, uning 5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan qismi uchun foiz xarajatlari kompensatsiya qilinishi belgilandi.

Har yili o‘z faoliyatini kengaytirgan va yuqori natija ko‘rsatgan 100 ta tadbirkorlik subyektiga 300 mln so‘mgacha grant ajratish taklif etildi.

Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlarni bergan.

#prezident#taqdimot

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar