1-iyun kuni AVO Bank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda bank Kuzatuv kengashi a’zosi Andrey Jujlinning vakolatlari muddatidan oldin tugatilgani tasdiqlandi.
U bu lavozimda 2023-yilning mart oyidan beri ishlab kelayotgan edi. Uning o‘rniga Dmitriy Babichev Kuzatuv kengashi a’zosi etib tayinlandi.
Uning nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ham ma’qullangan.
Qarorga muvofiq, Dmitriy Babichev bankning Kuzatuv kengashi a’zosi sifatidagi vakolatlarini 2026-yil 1-iyundan boshlab bajarishga kirishadi.
Dmitriy Babichev haqida
PRG.kz ma’lumotlariga ko‘ra, Dmitriy Yuryevich Babichev 1981-yil 13-sentyabrda Qozog‘istonda tug‘ilgan.
2002-yilda Abay nomidagi Olmaota davlat universitetini tamomlagan.
2011-yilda esa T. Risqulov nomidagi Qozog‘iston iqtisodiyot universitetida MBA dasturi bo‘yicha magistr darajasini olgan.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda Qozog‘istondagi TuranAlem Bank’da boshlagan.
Ushbu bankda 2008-yilgacha mutaxassis, yetakchi mutaxassis, bosh mutaxassis hamda ichki audit sektori mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2008–2013-yillarda Temirbank ichki audit xizmati rahbari lavozimida ishlagan.
2013-yil iyul oyida Bayterek milliy boshqaruv xoldingining risklarni boshqarish departamenti direktori etib tayinlangan va bu lavozimda 2016-yil martigacha faoliyat yuritgan.
2016-yil martidan 2022-yil 25-fevralga qadar Qozog‘iston Taraqqiyot banki boshqaruv raisining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.
