Raqobat qo‘mitasi 25 ta korxonani ustun muzokara kuchiga ega deb topdi. Natijada O‘zbekistonda bunday maqomga ega kompaniyalar soni 93 taga yetdi.
Ma’lumot uchun, agar korxona bozorda ustun mavqega ega bo‘lmasa-da, bitim shartlari, narx yoki sotish hududiga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lsa, u ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etiladi.
Qonunchilikka ko‘ra, bunday subyektlarning iste’molchilar va boshqa tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga zarar yetkazadigan harakatlari taqiqlangan.
Ustun muzokara kuchiga ega deb topilgan korxonalarning asosiy qismini chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar tashkil etadi. Ularning soni 75 tani tashkil qilgan.
Shuningdek, 9 ta korxona temiryo‘l liniyalari xizmatlari, 2 tasi esa suyultirilgan gazni saqlash faoliyati bo‘yicha mazkur maqomga ega bo‘lgan.
Ro‘yxatga sug‘urta bozoridagi My Insurance kompaniyasi ham kiritilgan. Kompaniya Agrobank’ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan fermer xo‘jaliklariga ajratiladigan kreditlarning qaytmaslik xatarini sug‘urtalash bo'yicha ustun muzokara kuchiga ega deb topilgan.
Bundan tashqari, CityNet internet-provayderi ham ushbu maqomga ega subyektlar qatoridan joy olgan. Bu maqom unga Index Tashkent ko‘p tarmoqli savdo bozori hududida internet-provayder xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha qo‘llanilgan.
Shuningdek, Poytaxt parking umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida joylashgan pulli avtoturargohlardan foydalanish huquqini beruvchi xizmatlar bozorida ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etilgan.
Yirik sanoat korxonalaridan biri OKMK esa issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha mazkur ro‘yxatga kiritilgan. To‘liq ro‘yxat bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
