2026-yilning may oyida O‘zbekistonda yillik inflatsiya darajasi 5,5 foizni tashkil etdi. Bu mamlakat tarixida kuzatilgan eng past inflatsiya ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Taqqoslash uchun, aprel oyida yillik inflatsiya 7 foizni, o‘tgan yilning may oyida esa 8,7 foizni tashkil etgan.

Manba: Markaziy bank
Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, yillik inflyatsiyaning sekinlashishida baza effekti muhim rol o‘ynagan.
Xususan, 2025-yil may oyida elektr energiyasi, gaz hamda metan narxlarining oshirilishi natijasida yuqori narx bazasi shakllangan.
2026-yil may oyida mazkur tovar va xizmatlar narxi oshirilmagani sababli taqqoslash bazasi yuqori bo‘lib, bu yillik inflyatsiyaga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, 1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari kuchga kiradi.
Buning natijasida iyun oyida yillik inflyatsiya darajasi may oyiga nisbatan keskin oshishi va aprel oyidagi 7 foizlik daraja atrofida shakllanishi mumkin.
Inflatsiya ko‘rsatkichi hududlar kesimida turlicha shakllandi. Xususan, Farg‘ona viloyatida yillik inflatsiya darajasi 5 foizni tashkil etib, hududlar orasida eng past ko‘rsatkich bo‘ldi.
- Qashqadaryo — 5,8%
- Qoraqalpog‘iston R. — 5,7%
- Samarqand — 5,7%
- Sirdaryo — 5,7%
- Toshkent shahri — 5,7%
- Navoiy — 5,6%
- Toshkent viloyati — 5,6%
- Andijon — 5,5%
- Buxoro — 5,5%
- Namangan — 5,5%
- Surxondaryo — 5,5%
- Xorazm — 5,4%
- Jizzax — 5,2%
- Farg‘ona — 5,0%
Eng yuqori inflatsiya esa Qashqadaryo viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi.
Eslatib o'tamiz, 2026-yil yakuniga kelib inflatsiya darajasi 6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Markaziy bank belgilangan 5 foizlik maqsadli inflyatsiya darajasiga 2027-yil oxirida erishishni maqsad qilgan.
