AloqaBank yoshlar biznesi dasturi doirasida ustav fondini 845 mlrd so‘mga oshirmoqda

08.06.2026 08:19
O'zbekchaРусский
3-iyun kuni AloqaBank aksiyadorlari bank ustav kapitalini oshirishga qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, bank nominal qiymati 1 so‘m bo‘lgan 845,3 mlrd dona oddiy aksiya chiqaradi. Joylashtirish muvaffaqiyatli yakunlanganidan so‘ng bank ustav kapitali 3 trln 363 mlrd so‘mga yetadi.
AloqaBank yoshlar biznesi dasturi doirasida ustav fondini 845 mlrd so‘mga oshirmoqda

Foto: AloqaBank

3-iyun kuni AloqaBank aksiyadorlari bank ustav kapitalini qo‘shimcha aksiyalar chiqarish orqali oshirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, bank nominal qiymati 1 so‘m bo‘lgan 845,3 mlrd dona oddiy aksiya chiqaradi.

Emissiyaning umumiy hajmi nominal qiymatda 845,3 mlrd so‘mni tashkil etadi. Yangi aksiyalar yopiq obuna usulida joylashtiriladi.

Bunda amaldagi aksiyadorlar qo‘shimcha chiqarilayotgan aksiyalarni o‘z ulushlariga mutanosib ravishda imtiyozli sotib olish huquqiga ega bo‘ladi.

Aksiyadorlar tomonidan sotib olinmagan aksiyalar esa Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga joylashtirilishi belgilangan.

Joylashtirish birjadan tashqari bozorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

Joylashtirish muvaffaqiyatli yakunlanganidan so‘ng AloqaBank ustav kapitali 3 trln 363 mlrd so‘mga yetadi.

Bank ustav kapitalini oshirish to‘g‘risidagi qaror Prezidentning “Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida qabul qilingan.

Mazkur Prezident qarorida AloqaBank yoshlarga yetti yilgacha muddatga imtiyozli kredit ajratishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, AloqaBank aksiyalarining katta qismiga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi egalik qiladi.

stat.uz ma’lumotlariga ko‘ra, bank aksiyalarining 15,6 foizi Akrom Haydarovga tegishli ekani ko‘rsatilgan.

Manba: stat.uz

iHamkor ma’lumotlarida esa Haydarov bankning 18,98 foiziga egalik qilishi qayd etilgan.

Skrinshot: iHamkor

Bankers.uz o‘rganishlariga ko‘ra, mazkur shaxs Ishonch do‘konlar tarmog‘ining asoschisi hisoblanadi.

#aloqabank#ustav_kapital

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar