UzAuto Motors aksiyadorlik jamiyati 2025-yil uchun moliyaviy hisobotini e'lon qildi. Hisobot Deloitte audit tashkiloti tomonidan tasdiqlangan.
Unga ko'ra, kompaniya yilni 339,6 mln dollar sof foyda bilan yakunlagan. Bu 2024-yildagi sof foydadan 24,7 mln dollarga yoki 7,8 foizga ko'pdir.

Infografika: tanga.uz
Kompaniya foydasining o'sishi asosiy faoliyatdan tashqari daromadlarning keskin ko'paygani hisobiga yuz bergan.
Sababi kompaniyaning avtomobil sotishdan olgan daromadi kamaygan.
Mazkur daromad 158,6 mln dollarga kamayib, 4,08 mlrd dollarni tashkil etgan.
Bu daromadning 3,62 mlrd dollari tannarx hissasiga to'g'ri keladi. E'tiborli jihati, kompaniya 2025-yilda tannarxni 36,2 mln dollarga kamaytirishga muvaffaq bo'lgan.
Operatsion xarajatlari esa 3,7 foizga biroz ko'payib, 196,5 mln dollarni tashkil etgan.
Asosiy faoliyatdan tashqari daromadlar esa keskin oshib (2024-yilda 5,7 mln dollar zarar bo'lgan edi), 104,1 mln dollarga yetgan.
Kompaniyaning sof foydasi oshganiga qaramay, soliq to'lovi kamaygan. 2024-yilda 62,6 mln dollar daromad solig'i to'lagan bo'lsa, 2025-yilda 56,9 mln dollar to'lagan.
Ma'lumot uchun, 2025-yilda UzAuto Motors kompaniyasining bozordagi ulushi 87,9 foizdan 84,2 foizgacha qisqargan.
Shuningdek, kompaniyaning qimmat avtomobillari savdosi ham pasaygan.
