AQShning Oppenheimer & Co investitsiya banki boshqaruvchi direktorlaridan biri Farhodjon Inog‘omboyev Hayot Bank Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib saylandi.
Bu bo‘yicha tegishli qaror bankning yagona aksiyadori tomonidan qabul qilingan bo‘lib, Inog‘omboyev bilan 6 oy muddatga shartnoma tuzilgan.
Farhodjon Inog‘omboyev haqida
CentrAsia ma’lumotlariga ko‘ra, Farhod Inog‘omboyev 1974-yil 14-oktyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1991-yilda Toshkent davlat universitetining Roman-german filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirgan.
Keyinchalik 1994-yilda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Diplomatik akademiyasining kurslarida tahsil olgan. 1997-yilda esa Londondagi Schiller xalqaro universitetida o‘qigan.
Inog‘omboyev biznes va moliya sohasidagi faoliyatini 1994-yilda ROZ Group savdo-investitsiya kompaniyasida boshlagan.
Keyinchalik kompaniyaning xalqaro yo‘nalishlarida faoliyat yuritib, 1998–2001-yillarda bosh ofisi Dubayda joylashgan guruhning Yaqin Sharqdagi bo‘limlaridan biriga rahbarlik qilgan.
2001–2003-yillarda O‘zbekiston jamoatchiligiga taniqli bo‘lgan Gulnora Karimovaning maslahatchisi sifatida ishlagan.
Shu davrda Revi Holdings kompaniyasida ijrochi direktor lavozimida faoliyat yuritgan va O‘zbekistondagi yirik telekommunikatsiya kompaniyalaridan biri bo‘lgan Uzdunrobita direktorlar kengashi tarkibiga kirgan.
2003-yil boshida Inog‘omboyev Gulnora Karimovaning siyosiy va biznes yondashuvlariga qo‘shilmagani sababli lavozimidan ketgan.
Hozirda u AQShning Oppenheimer & Co investitsiya banki boshqaruvchi direktorlaridan biri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
.jpg)