Asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi

17.06.2026 06:56
O'zbekchaРусский
Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Eslatib o‘tamiz, asosiy stavka 2025-yilning 20-mart sanasida 0,5 foiz bandga ko‘tarilib, 14 foiz darajasiga yetkazilgan edi. Undan keyingi davrda bu ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qolmoqda.
Asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi

Foto: Avenir Deberdeyev / Sputnik

Markaziy bank boshqaruvi 17-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi.

Nazorat organi mazkur qarorni inflyatsion bosimlar va iqtisodiy faollikning yuqori darajada saqlanib qolayotgani bilan izohladi.

Unga ko‘ra, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etmoqda, shuningdek, moliya sohasi ekspertlarining uzoq muddatli kutilmalari ham ijobiylashgan.

Iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlari saqlanib qolmoqda. Xususan, chakana savdo, xizmatlar sohasi, turizm va investitsiyalar hajmining yuqori o‘sishi iqtisodiyotda yalpi talabning barqarorligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, so‘nggi oylarda budjet xarajatlarning faollashishi kelgusi choraklarda ham iqtisodiy faollik va talab omillarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi — deyiladi MB xabarida.

Markaziy bank 2026-yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiyaning 6,5 foiz atrofida shakllanishi hamda iqtisodiy o‘sishning 7–7,5 foiz oralig‘ida bo‘lishi bo‘yicha prognozlarini saqlab qoldi.

Ayni paytda iqtisodiyotda shakllangan real ijobiy foiz stavkalari aholi va biznesning jamg‘arish faolligini rag‘batlantirishga, kreditlashning muvozanatli o‘sishini ta’minlashga hamda inflyatsion bosimlarni jilovlashga xizmat qilayotgani qayd etilgan.

Yuqoridagi omillarni inobatga olgan holda, narxlar barqarorligini ta’minlash va inflyatsion kutilmalarni pasaytirish maqsadida qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirish zarur deb topildi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026-yil 29-iyul kuniga belgilangan.

#asosiy_stavka

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan