Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga imtiyozli moliyalashtirish shaklida 150 mln dollar ajratishni ma’qulladi.
Bu haqda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu mablag‘ “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Ta’kidlanishicha, dasturning ikkinchi bosqichi umumiy budjeti 340 mln dollarni tashkil etadi.
Uning 150 mln dollari Jahon banki, 120 mln dollari Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki hamda 70 mln dollari O‘zbekiston hukumati tomonidan moliyalashtirilishi belgilangan.
Jahon bankining ma’lum qilishicha, dastur Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta mahallada amalga oshiriladi.
Dastur doirasida 2031-yilgacha yuqoridagi oltita viloyatdagi mahallalar infratuzilmasi yaxshilanishi kutilmoqda.
Jumladan, transport infratuzilmasi, ichimlik suvi tarmoqlari, elektr ta’minoti yaxshilanadi. Qayd etilishicha, ushbu o‘zgarishlardan 1,2 mln nafarga yaqin qishloq aholisi manfaat ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur dastur 2019-yilda Jahon banki (100 mln dollar) va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (82 mln dollar) moliyaviy ko‘magida boshlangan edi.
Dasturning birinchi bosqichida Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi 306 ta qishloq tumanida 900 dan ortiq kichik loyiha moliyalashtirilgan.
Jumladan, 340 dan ortiq yo‘l, 220 ta elektr ta’minoti tizimi, 160 ta suv ta’minoti tizimi, 100 ga yaqin maktab, 40 ta maktabgacha ta’lim muassasasi va 10 ta ko‘prik qurish yoki modernizatsiya qilish ishlari bajarilgan.
