Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylar narxi qanday o‘zgarmoqda — tahlil

18.06.2026 10:25
O'zbekchaРусский
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarning narxlarini tahlil qildi. Tahlilga ko‘ra, poytaxtdagi to‘liq ta’mirlangan uylar narxi borasida Mirobod tumani yetakchilik qilmoqda. Narxlarning eng yuqori o‘sishi ham aynan shu tumanda qayd etilgan.
Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylar narxi qanday o‘zgarmoqda — tahlil

Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta.uz

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarning narxlarini tahlil qildi.

Tahlilga ko‘ra, poytaxtda ko‘p qavatli uylarning narxi ularning joylashgan hududi va xonalar soniga qarab turlicha shakllangan.

Birlamchi bozor

2026-yilning may oyi yakuni bo‘yicha yangi bir xonali uylarning eng yuqori narxi Mirzo Ulug‘bek tumanida qayd etilgan.

Tumanda bir kvadrat metr yangi ko‘p qavatli uyning narxi o‘rtacha 2 ming 125 dollarni tashkil etmoqda.

Mazkur turdagi uyning eng quyi narxi esa Sergeli tumaniga to‘g‘ri kelib, bir kvadrat metr uchun 1 ming 211 dollarga teng bo‘lgan.

Bu Mirzo Ulug‘bek tumanidagi narxga nisbatan deyarli ikki barobarga kamroqdir.

Manba: IMRS

Ikki, uch hamda to‘rt xonali yangi uylar ichida eng yuqori narx esa Mirobod tumanida qayd etilgan.

Mirobod tumani, shuningdek, narxlarning o‘sishi borasida ham yetakchilik qilmoqda.

Xususan, tumandagi ikki xonali uylar o‘tgan yilning may oyiga nisbatan 27,1 foizga qimmatlagan.

Shu muddat ichida Olmazor tumanida to‘rt xonali uylar narxi 12,4 foizga tushib, eng keskin pasayish qayd etilgan.

To‘rt xonali uylar narxining pasayishi nafaqat Olmazor tumanida, balki Mirzo Ulug‘bek (-7,9%), Yunusobod (-4,6%), Chilonzor (-5,2%) hamda Sergeli (-1,3%) tumanlarida ham kuzatilgan.

Hattoki ayrim tumanlarda uch xonali uylar narxi to‘rt xonali uylarga qaraganda yuqoriroq bo‘lib turibdi.

Jumladan, Mirobod tumanida uch xonali uyning bir kvadrat metr narxi 2 ming 162 dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, tumandagi to‘rt xonali uylarning narxi 1 994 dollarga teng bo‘lgan.

Ikkilamchi bozor

Toshkent shahridagi foydalanilgan uylar narxining o‘zgarishi yangi uylarnikiga qaraganda boshqacharoq kechgan.

O‘tgan yilning may oyidagi narxlar bilan taqqoslaganda, faqatgina Mirzo Ulug‘bek tumanidagi to‘rt xonali uylar narxi tushgan.

Qolgan barcha tumanlarda narxlar oshishi kuzatilgan. Poytaxtdagi ikkilamchi uylar narxi borasida ham Mirobod tumani peshqadamlik qilmoqda.

Manba: IMRS

Biroq ikkilamchi bozorda narxlarning tumanlar kesimidagi farqi yangi uylardagidek yuqori emas.

Jumladan, Mirobod va Sergeli tumanlaridagi bir xonali uylar narxidagi farq 1,5 barobarni tashkil qilgan.

Yangi bir xonali uylar o‘rtasidagi farq esa shu tumanlarda deyarli ikki barobarga yetgan.

Ikkilamchi bozorda ham ayrim tumanlarda uch xonali uylar narxi to‘rt xonali uylarnikiga qaraganda yuqoriroq bo‘lgan.

#uy-joy#toshkent_shahri

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan