O‘zbekiston milliy terma jamoasi sharafiga esdalik tangalar sotuvga chiqariladi

18.06.2026 12:57
O'zbekchaРусский
Markaziy bank O‘zbekiston futbol bo‘yicha milliy terma jamoasining jahon chempionatiga ilk bor chiqqani munosabati bilan esdalik tangalarini sotuvga chiqaradi. Ushbu tangalar 999,9 probali sof oltin va kumushdan ishlangan bo‘lib, har birining og‘irligi 31,1 grammni tashkil etadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sharafiga esdalik tangalar sotuvga chiqariladi

Foto: Markaziy bank

Markaziy bank O‘zbekiston futbol bo‘yicha milliy terma jamoasining jahon chempionatiga ilk bor chiqqani munosabati bilan esdalik tangalarini sotuvga chiqarilishini ma’lum qildi.

Ushbu tangalar 999,9 probali sof oltin va kumushdan ishlangan bo‘lib, har birining og‘irligi 31,1 grammni tashkil etadi.

Tangalarning bir tomonida milliy terma jamoadagi 26 nafar futbolchini ifodalovchi bo‘ri tasviri tushirilgan.

Markaziy bank mazkur esdalik tangalari 18-iyun kunidan boshlab 690 ta tijorat banki filialida sotuvga chiqarilishini ma’lum qilgandi.

Biroq maqola yozilayotgan vaqtda ularni qaysi tijorat banklaridan sotib olish mumkinligi haqida ma’lumot e’lon qilinmagan.

Markaziy bank dastlab cheklangan miqdorda — 100 dona oltin hamda 1000 dona kumush tanga sotuvga chiqarilishini bildirgan edi.

Keyinroq regulyator tangalarga katta qiziqish va ko‘plab murojaatlar bo‘lgani bois 400 dona oltin va 2000 dona kumush tanga zarb etilishini ma’lum qildi.

Tangalar narxi

Esdalik tangalarining narxi kun davomida oltin va kumushning jahon bozoridagi narxiga qarab o‘zgarib boradi.

18-iyun holatiga ko‘ra, esdalik oltin tanganing narxi 54 mln 630 ming so‘m, kumush tanganiki esa 1 mln 677 ming so‘m etib belgilangan.

18.06.2026 / Manba: Markaziy bank

Bunda qaytarib sotib olish narxi oltin tanga uchun sotish narxidan 7,1 foiz, kumush tanga uchun esa ikki barobardan ko‘proqqa arzonroq.

Ma’lumot uchun, 18-iyun holatiga ko‘ra, 1 gramm oltin quymasining narxi 1 mln 849 ming so‘mni tashkil etmoqda.

18.06.2026 / Manba: Markaziy bank

Bu bir dona esdalik oltin tangasi og‘irligidagi oltin quyma narxi o‘sha kuni 57,5 mln so‘mga teng bo‘lganini ko‘rsatadi.

18-iyun holati bo'yicha bir dona esdalik oltin tangasi narxi quyma narxidan 2,8 mln so‘mga arzonroq — 54 mln 630 ming so‘m bo‘lib turibdi.

#esdalik_tangalar

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan