O‘zbekistonda elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR-kod tizimi ishga tushirildi.
UzQR deb nomlangan ushbu tizim bir qator afzalliklarga ega.
Jumladan, u orqali istalgan bank ilovasi yoki to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalari yordamida to‘lovni amalga oshirish mumkin.
Bu esa iste’molchiga bir qator qulayliklar yaratadi. UzQR tizimi HUMO va UZCARD milliy to‘lov tizimlari kartalari bilan ishlaydi.
Tizim prezidentning 2025-yil dekabr oyida imzolangan farmoni asosida joriy etilmoqda.
2026-yil 1-iyuldan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari uchun UzQR orqali to‘lovlarni qabul qilish majburiy bo‘ladi.
Farmonga ko‘ra, bunday QR-kodning mavjud emasligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.
Komissiya miqdori
Ijtimoiy tarmoqlarda UzQR orqali to‘lov qilinganda iste’molchidan 1 foiz miqdorida komissiya undirilishi haqida xabarlar tarqaldi.
Bu kabi xabarlarda jami komissiya miqdori 1,65 foizni tashkil etishi, buning 1 foizi iste’molchidan, qolgani esa sotuvchidan olinishi ta’kidlangan.
Ko‘p o‘tmay, Markaziy bank bu borada bayonot berdi. Nazorat organiga ko‘ra, UzQR orqali to‘lovlar bo‘yicha 0,65 foiz miqdorida komissiya undiriladi va u to‘lovda ishtirok etgan tashkilotlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Regulyator mazkur komissiya sotuvchidan undirilishini, xaridordan esa hech qanday foiz ushlab qolinmasligini ma’lum qildi.
Markaziy bank bildirishicha, hozirda savdo va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari uchun QR-kodlar orqali to‘lovlarni qabul qilish komissiyasi 1 foizdan 3 foizgacha yetmoqda.
Shu bois regulyator UzQR tizimining 0,65 foizlik tarifini ancha past deb hisoblashini bildirdi.
Shu bilan birga, Markaziy bank ayrim hollarda ba’zi to‘lov tashabbuskorlari (QR-kodni skanerlagan ilova) iste’molchilardan qo‘shimcha yig‘imlar undirayotganini tan oldi.
Regulyator bunday yig‘imlar UzQR tarifining bir qismi emasligini va tegishli ishtirokchilar tomonidan o‘z tashabbusi bilan belgilanishini ta’kidladi.
Shuningdek, bunday qo‘shimcha ustamalar masalasi hozirda tartibga solinayotganini bildirdi.
