Banklar mijozlar hisobvaraqlari bo‘yicha ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etishi mumkin

24.06.2026 12:37
O'zbekchaРусский
Soliq qo‘mitasi banklarning mijozlar hisobvaraqlari va omonatlari haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga berish tartibini belgilovchi yangi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Muhokama 2026-yil 8-iyulgacha davom etadi.
Banklar mijozlar hisobvaraqlari bo‘yicha ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etishi mumkin

Foto: Soliq qo‘mitasi

Soliq qo‘mitasi yana P2P o‘tkazmalari haqida ma’lumot olishni istamoqda. Qo‘mita bu bo‘yicha qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi

Qaror loyihasiga ko‘ra, banklar yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari hamda omonatlari to‘g‘risidagi axborotni soliq organlariga taqdim etib boradi. 

Bu ma’lumotlar elektron shaklda yuboriladi. Shuningdek, soliq organining so‘roviga asosan banklar qo‘shimcha axborot ham taqdim etishi mumkin bo‘ladi. 

Loyihada jismoniy shaxslarning bank kartalariga kelib tushadigan yirik mablag‘lar yuzasidan ham tartib belgilanmoqda. 

Xususan, bir oy davomida bir kartaga boshqa jismoniy shaxslardan (yaqin qarindoshlar mustasno) bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng yoki undan ortiq mablag‘ kelib tushsa, bu haqda soliq organiga ma’lumot yuboriladi. 

Bunda bir shaxsning o‘z kartalari o‘rtasidagi o‘tkazmalar hisobga olinmaydi. Jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy yuridik shaxslarga amalga oshirilgan ayrim to‘lovlar haqida ham ma’lumot beriladi. 

Bunda to‘lovni qabul qiluvchi kompaniyaning nomi, summasi, valyuta turi, davlat nomi va boshqa tegishli ma’lumotlar ko‘rsatiladi. 

Loyihada yirik operatsiyalar bo‘yicha hisobot berish tartibi ham nazarda tutilgan. Yuridik shaxslarning bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravaridan oshgan operatsiyalari haqida ma’lumot beriladi. 

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun bu chegara 500 baravar etib belgilangan. 

Jismoniy shaxslarning bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravaridan ortiq naqd pul tushumlari ham hisobga olinadi. 

Biroq davlat budjetiga, davlat jamg‘armalariga to‘lovlar va valyuta ayirboshlash bilan bog‘liq ayrim operatsiyalar bundan mustasno. 

Qarorga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi va Markaziy bank ikki oy muddatda “Bank-soliq” maxsus modulini ishlab chiqadi. 

To‘rt oy ichida esa bank tizimlari ushbu modul orqali soliq organlari tizimlari bilan integratsiya qilinadi. 

Banklar soliq organlarining so‘roviga uch kun ichida javob berishi shart bo‘ladi. Muddat buzilsa yoki noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etilsa, bankka jarima solinishi mumkin.

Qaror loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasida turibdi. Muhokama 2026-yil 8-iyulgacha davom etadi.

Amaldagi qonunchilik

Qaror loyihasi e’lon qilingach, ko‘plab mustaqil manbalar, shu jumladan blogerlar, loyihani kun tartibiga olib chiqdi.

Ular mazkur qarorning qabul qilinishi amaldagi Konstitutsiyaga zid deb hisoblashmoqda.

41-modda (Konstitutsiya)

Bank operatsiyalarining, omonatlarning va hisobvaraqlarning sir tutilishi, shuningdek meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi.

Soliq qo‘mitasi bayonoti

Qaror loyihasi jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lgach, Soliq qo‘mitasi bu borada bayonot berdi.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, loyihada amaldagi qonunchilik doirasida banklar va soliq idoralari o‘rtasida axborot almashishning yagona qoidalari belgilanmoqda.

Ta’kidlanishicha, hujjat jismoniy shaxslarning omonatlari ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan alohida tashabbus emas.

Unda soliq nazorati uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etish tartibi, muddatlari, shakllari va elektron almashinuv mexanizmlari belgilanmoqda.

Soliq qo‘mitasi loyiha soliq organlariga yangi vakolatlar bermasligini, bank sirini bekor qilmasligini hamda fuqarolar va tadbirkorlarning hisobvaraqlaridan erkin foydalanish imkoniyatini yaratmasligini ta’kidladi.

Shuningdek, qo‘mita ushbu axborot almashinuvi mexanizmlari xalqaro amaliyotda, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) mamlakatlarida ham qo‘llanilishini bildirdi.

Hujjat hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, Soliq qo‘mitasi fuqarolar, tadbirkorlar, ekspertlar va OAV vakillaridan takliflar qabul qilishini ma’lum qildi.

Tarixga nazar

Gazeta.uz nashri bu masala bo‘yicha avval ham shunga o‘xshash tashabbuslar ilgari surilganiga e’tibor qaratmoqda.

Xususan, 2020-yilda Soliq qo‘mitasi banklarga jismoniy shaxslarning kartalariga 30 mln so‘mdan ortiq mablag‘ tushsa yoki P2P o‘tkazmalar soni 10 tadan oshsa, bu haqda soliq idoralarini xabardor qilish taklifini bildirgan edi.

Biroq ushbu loyiha jamoatchilik noroziligidan so‘ng qabul qilinmagan.

O‘shanda Savdo-sanoat palatasi va Senat qo‘mitasi bunday talab Soliq kodeksida mavjud emasligini hamda bank siri to‘g‘risidagi qoidalarga zid kelishi mumkinligini ta’kidlagan.

Keyinchalik P2P o‘tkazmalari bo‘yicha ma’lumotlarni soliq idoralariga yuborish bilan bog‘liq boshqa tashabbuslar ham muhokama qilingan.

2023-yilda jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘tkazmalar uchun elektron hisobvaraq-faktura joriy etish taklif qilingan, biroq bu tartib keyinchalik bekor qilingan.

2024-yilda esa Markaziy bank va Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalari ma’lum bir chegaradan oshganda axborot almashish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Unda fuqarolar uchun 100 mln so‘m, tadbirkorlar uchun esa 500 mln so‘mlik yillik limitlar muhokama qilingani aytilgan.

#soliq_qo'mitasi#p2p

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan