1-iyuldan boshlab kasallik nafaqalarini to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi

29.06.2026 08:54
O'zbekchaРусский
1-iyuldan boshlab kasallik nafaqalarini to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi. Ushbu tartibni keng jamoatchilikka batafsil tushuntirish maqsadida 29-iyun kuni brifing o‘tkazildi. Unda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot kotibi Dilfuza Ro‘zmetova davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimida joriy etilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
1-iyuldan boshlab kasallik nafaqalarini to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi

Foto: Dilfuza Ro‘zmetova

1-iyuldan boshlab kasallik nafaqalarini to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi. Ushbu tartibni keng jamoatchilikka batafsil tushuntirish maqsadida 29-iyun kuni brifing o‘tkazildi.

Unda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot kotibi Dilfuza Ro‘zmetova davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimida joriy etilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Dilfuza Ro‘zmetova

Qayd etilishicha, yangi tartib davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimini takomillashtirish doirasida joriy qilinmoqda.

Unga ko‘ra, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, ya’ni kasallik nafaqalari endilikda Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Foto: Brifingdan

Yangi tartibga ko‘ra, bir kalendar yilidagi kasallikning dastlabki 5 kuni uchun nafaqa ish beruvchi tomonidan to‘lanadi.

Oltinchi kundan boshlab esa to‘lovlar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi. Ilgari esa mazkur xarajatlar to‘liq ish beruvchi zimmasida edi.

Kasallik nafaqasi miqdori fuqaroning sug‘urta stajiga qarab belgilanadi. Sug‘urta staji 6 oydan 8 yilgacha bo‘lganlarga o‘rtacha ish haqining 60 foizi, 8 yildan ortiq stajga ega bo‘lganlarga esa 80 foizi miqdorida nafaqa to‘lanadi.

Shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, qaramog‘ida 18 yoshgacha bo‘lgan to‘rt nafar va undan ortiq farzandi bor fuqarolar hamda nogironligi bo‘lgan farzandni tarbiyalayotgan oilalar uchun nafaqa miqdori qo‘shimcha 20 foizga oshiriladi.

Yangi tizimda bolalarni parvarish qilish bo‘yicha ham qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar nazarda tutilgan.

Xususan, 14 yoshgacha bo‘lgan bolani parvarish qilish uchun qo‘shimcha 20 kalendar kun, 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolani parvarish qilish uchun esa qo‘shimcha 40 kalendar kungacha nafaqa to‘lanadi.

Yangi tizimning eng muhim jihatlaridan biri — barcha jarayonlarning to‘liq avtomatlashtirilganidir. Fuqarolardan hech qanday ariza yoki qo‘shimcha hujjat talab etilmaydi.

Elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilishi bilan tizim avtomatik ravishda fuqaroning rasmiy bandligi, sug‘urta staji va daromadi haqidagi ma’lumotlarni tekshiradi hamda nafaqani proaktiv tarzda tayinlaydi.

To‘lovlar «Baraka» tizimi orqali amalga oshiriladi. Har bir fuqaro uchun virtual karta avtomatik ravishda ochiladi va mablag‘lar ushbu kartaga o‘tkaziladi.

Kasallik nafaqalarini moliyalashtirish muddatlari ham aniq belgilangan. Oyning 1–15 sanalarida tayinlangan nafaqalar shu oyning 25 sanasigacha, 16–31 sanalarida tayinlangan nafaqalar esa keyingi oyning 10 sanasigacha to‘lab beriladi.

Yangi tartib davlat va xususiy sektorda mehnat qilayotgan, majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan qamrab olingan barcha fuqarolarga tatbiq etiladi. Buning uchun kamida 6 oylik sug‘urta stajiga ega bo‘lish talab etiladi.

Ushbu tizim fuqarolarning kasallik davridagi daromadlarini ishonchli himoya qilish, ish beruvchilarning moliyaviy yukini kamaytirish, rasmiy bandlikni rag‘batlantirish hamda mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

#ijtimoiy_sug'urta#kasallik_nafaqasi

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan