Markaziy bank iste’molchilar huquqini buzgan bir nechta bankni jarimaga tortdi

30.06.2026 11:41
O'zbekchaРусский
Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda iste’molchilar huquqlarini buzgan bir nechta tijorat banklarini hamda mikromoliya tashkilotlarini jami qariyb 1,4 mlrd so‘m miqdorida jarimaga tortdi.
Markaziy bank iste’molchilar huquqini buzgan bir nechta bankni jarimaga tortdi

Foto: Avenir Deberdeyev / Sputnik

Markaziy bank 2026-yilning I choragida banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari yakunlarini e’lon qildi.

Tekshiruvlar davomida Shaffof-moliya va Tezcoin mikromoliya tashkilotlari hamda Uzum Bank faoliyatida qonunchilik talablari buzilgani aniqlandi.

Mikromoliya tashkilotlarida mikroqarz ajratishda qarz yuki ko‘rsatkichiga oid talablar, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va kredit tarixi bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etish qoidalariga rioya qilinmagani qayd etildi.

Uzum Bank’da esa iste’molchilarga axborot taqdim etish, murojaatlarni ko‘rib chiqish, kredit byurolariga ma’lumot yuborish hamda shartnomalarni rasmiylashtirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan Markaziy bank Shaffof-moliya tashkilotiga 201 mln so‘m, Tezcoin tashkilotiga 156 mln so‘m va Uzum Bank’ka 215,5 mln so‘m miqdorida jarima qo‘lladi.

Shuningdek, Ipoteka-bank faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlar ham o‘rganildi. O‘rganish natijasida kredit munosabatlarida iste’molchilar huquqlariga oid ayrim talablar buzilgani ma’lum bo‘lgan.

Xususan, pul mablag‘larini naqdlashtirish tartibi, garov reyestri bilan bog‘liq jarayonlar va shartnomalarni rasmiylashtirishda qonunchilik talablariga rioya etilmagani qayd etilgan.

Mazkur holatlar uchun Ipoteka-bank’ka nisbatan 105 mln so‘m miqdorida jarima sanksiyasi qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, banklarning hududiy filiallarida “sirli mijoz” usulida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida ayrim banklarda iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish talablari buzilgani aniqlangan.

Natijada 14 ta tijorat bankiga jami 681,5 mln so‘m miqdorida jarima solingan. Jumladan, Agrobank 255 mln so‘m, SQB esa 119,5 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.

Markaziy bank ushbu nazorat tadbirlari moliyaviy xizmatlar bozorida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlashga qaratilganini ta’kidladi.

#markaziy_bank#sirli_mijoz#jarima

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan