Olma ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar soni bo‘yicha Havas diskaunteridan o‘zib ketdi

05.07.2026 09:05
O'zbekchaРусский
2026-yilning may oyida Olma supermarketlar tarmog‘i Soliq mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar soni bo‘yicha ilk bor Havas diskaunteridan o‘zib ketdi. Shu tariqa, tarmoq ilovada cheklari eng ko‘p ro‘yxatga olingan ikkinchi kompaniyaga aylandi.
Olma ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar soni bo‘yicha Havas diskaunteridan o‘zib ketdi

Foto: Olma

2026-yil may oyida xarid cheklari Soliq mobil ilovasi orqali eng ko‘p ro‘yxatdan o‘tkazilgan korxonalar ro‘yxati e’lon qilindi.

Ro‘yxatning birinchi o‘rnini Korzinka supermarketlar tarmog‘i egallagan.

May oyida tarmoqning 6 mln 870 ming dona cheki Soliq mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Buning uchun cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazgan iste’molchilarga jami 9,4 mlrd so‘m keshbek hisoblangan.

Infografika: Soliq qo‘mitasi

Soliq qo‘mitasi cheklari Soliq mobil ilovasida eng ko‘p ro‘yxatdan o‘tkazilgan korxonalar ro‘yxatini 2022-yil noyabr oyidan buyon e’lon qilib keladi.

Infografika: Soliq qo‘mitasi

Korzinka o‘sha vaqtdan beri ro‘yxatda peshqadamlik qilib kelmoqda. Undan keyingi o‘rinni esa Havas egallab kelayotgan edi.

2026-yilning may oyida Olma supermarketlar tarmog‘i Soliq mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar soni bo‘yicha ilk bor Havas diskaunteridan o‘zib ketdi. 

2024-yilning oktyabr oyida Olma bu borada Makro tarmog‘ini ortda qoldirgandi.

Infografika: Soliq qo‘mitasi

May oyida Olma tarmog‘ining 2 mln 635 ming dona cheki Soliq mobil ilovasida ro‘yxatga olingan bo‘lsa, Havas diskaunterida bu ko‘rsatkich 2 mln 438 ming donani tashkil etgan.

Biroq Havas iste’molchilarga hisoblangan keshbek miqdori bo‘yicha Olma tarmog‘idan oldinda bormoqda.

Olma supermarketlar tarmog‘i so‘nggi yillarda O‘zbekistonda jadal rivojlanmoqda.

2022-yil noyabr oyi uchun e’lon qilingan ro‘yxatda tarmoq 17-o‘rinda qayd etilgan edi.

Hozirda uning cheklari Soliq mobil ilovasida Korzinka tarmog‘idan keyin eng ko‘p ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan cheklar bo‘lib turibdi.

#olma#havas

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan