HUMO to‘lov tizimi boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Aleksandr Sotnikov oradan qariyb bir yarim oy o‘tgach, lavozimidan ozod qilindi.
Yagona korporativ axborot portalida joylashtirilgan axborotga ko‘ra, Aleksandr Sotnikov kompaniya Kuzatuv kengashining 2026-yil 18-maydagi qarori bilan boshqaruv raisi o‘rinbosari etib tayinlangan edi.
Oradan deyarli bir yarim oy o‘tib, uning kompaniyadagi vakolatlari tugatilgani ma’lum bo‘ldi. Bu bo‘yicha HUMO to‘lov tizimi Kuzatuv kengashi 2026-yil 1-iyul kuni qaror qabul qilgan.
HUMO to‘lov tizimi shu qisqa vaqt ichida o‘z saytida Sotnikovning kompaniyada ishlagani borasida birorta axborot e’lon qilmagan.
Aleksandr Sotnikov 5-iyul kuni o‘zining LinkedIn sahifasida ish qidirayotgani to‘g‘risida post qoldirgan.
U o‘z postida bosh direktor, bosh direktor o‘rinbosari, direktorlar kengashi maslahatchisi va mustaqil direktor lavozimlariga qiziqishini hamda Minsk shahridagi takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan.
Belaruslik mutaxassis may oyi oxirida, ya’ni HUMO rahbariyatiga tayinlanganidan ko‘p o‘tmay, shu paytgacha ishlab kelgan Belarusning Bank protsessing markazidagi lavozimidan ketgani haqida ham post joylagan edi.
Biroq uning sahifasida ham HUMO to‘lov tizimida ish boshlagani to‘g‘risida birorta ma’lumot joylanmagan.
Aleksandr Sotnikov haqida
Aleksandr Sotnikovning LinkedIn sahifasidagi ma’lumotlarga ko‘ra, u mehnat faoliyati davomida asosan bank, protsessing va raqamli to‘lov tizimlari sohasida ishlagan.
Dastlab Belarusdagi Belinvestbank tizimida markaz rahbari lavozimida faoliyat yuritib, bank kartalari infratuzilmasi va protsessing tizimlari bilan shug‘ullangan.
Keyinchalik BELKART milliy to‘lov tizimida bosh direktor (CEO) sifatida ishlagan.
Shundan so‘ng Belarus Milliy banki tarkibida To‘lov tizimlari va raqamli texnologiyalar rahbari lavozimida faoliyat olib borgan.
Mazkur lavozimda raqamli moliyaviy infratuzilma hamda elektron to‘lov texnologiyalari yo‘nalishlariga mas’ul bo‘lgan.
2017–2021-yillarda esa Belgazprombank bosh direktori o‘rinbosari lavozimida ishlab, bank boshqaruvi va strategik rivojlanish jarayonlarida ishtirok etgan.
2021-yilning may oyidan boshlab esa Belarusning Bank protsessing markazida (Банковский процессинговый центр) boshqaruvchi direktor sifatida faoliyat yuritgan.
Aleksandr Sotnikov ushbu lavozimni 2026-yilning may oyida tark etgan.
