AKFA o‘zining ilk xalqaro obligatsiyalarini chiqarish imkoniyatini o‘rganmoqda

08.07.2026 13:28
O'zbekchaРусский
AKFA xalqaro obligatsiyalar chiqarish imkoniyatini o‘rganmoqda. Kompaniya 13-iyuldan Londonda boshlanadigan ikki kunlik investorlar bilan uchrashuvlarni tashkil etish uchun Citigroup hamda JPMorgan investitsiya banklarini tanlagan.
AKFA o‘zining ilk xalqaro obligatsiyalarini chiqarish imkoniyatini o‘rganmoqda

Foto: AKFA

O‘zbekistonning eng yirik xususiy kompaniyalaridan biri — AKFA Aluminium Group xalqaro obligatsiyalar chiqarish imkoniyatini o‘rganmoqda.

Bu haqda Bloomberg nashri vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar bermoqda.

Nashrning yozishicha, kompaniya 13-iyuldan Londonda boshlanadigan ikki kunlik investorlar bilan uchrashuvlarni tashkil etish uchun Citigroup hamda JPMorgan investitsiya banklarini tanlagan.

Nashrning qayd etishicha, bu uchrashuvlar dastlabki xarakterga ega bo‘lib, obligatsiyalarni joylashtirish yaqin vaqt ichida amalga oshirilishi kutilmayapti.

Masalaga yaqin manbalarning Bloomberg nashriga bildirishicha, tadbirda AKFA kompaniyasining yuqori lavozimli rahbariyati ishtirok etadi.

Nashrga ko‘ra, Citigroup va JPMorgan vakillari izoh berishdan bosh tortgan, AKFA esa izoh so‘rab yuborilgan bir nechta murojaatga javob bermagan.

Ma’lumot uchun, AKFA 2000-yilda tadbirkor va Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan tashkil etilgan.

Jahongir Ortiqxo‘jayev

Kompaniya qurilish sanoati uchun alyuminiy va plastmassa mahsulotlari ishlab chiqaradi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning noyabr oyida Ortiqxo‘jayev AKFA Group turk kompaniyasi bilan hamkorlikda AQShning Kentukki shtatida zavod qurishni boshlaganini ma’lum qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi zavodda alyuminiy mahsulotlari, avtomobillar, quyosh panellari va derazalar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi. 

Ortiqxo‘jayev mazkur zavod uchun dastlabki yilda 105 mln dollar, umumiy hisobda esa 600 mln dollar sarmoya jalb qilinayotganini ta’kidlagan edi.

#akfa#obligatsiya

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan