Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish instituti 1 foizlik soliq keshbeki mexanizmini bosqichma-bosqich bekor qilishni taklif qildi.
Institutga ko‘ra, soliq keshbeki o‘z vazifasini asosan bajarib bo‘lgan. Ya’ni, fuqarolarda fiskal chek olish odati shakllandi, soliq nazorati esa raqamli texnologiyalar hisobiga ancha kuchaydi.
Shu sababli xaridlarning barchasiga 1 foizlik keshbek to‘lashni davom ettirish maqsadga muvofiq emasligi ta’kidlangan.
Hisobotda qayd etilishicha, soliq keshbeki uchun davlat xarajatlari yil sayin oshib bormoqda. 2022-yilda bunga 820 mlrd so‘m sarflangan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 1,8 trln so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda.

Manba: Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish instituti
Biroq soliq tushumlari bu xarajatlarga mutanosib darajada oshmayotgani aytilgan. Shuningdek, 2026-yil may oyida to‘langan soliq keshbekining 10,7 foizi atigi 10 ta yirik savdo tarmog‘i hissasiga to‘g‘ri kelayotganiga e’tibor qaratilgan.

Manba: Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish instituti
Hisobotda bu holat davlat budjeti mablag‘lari soliq keshbeki bo‘lmagan taqdirda ham amalga oshirilishi muqarrar bo‘lgan xaridlarni rag‘batlantirishga sarflanayotganini ko‘rsatishi qayd etilgan.

Manba: Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish instituti
Institut ommaviy keshbek o‘rniga manzilli rag‘batlantirish tizimini joriy etishni taklif qilmoqda.
Unga ko‘ra, barcha xaridlar uchun 1 foizlik keshbek berish o‘rniga, soliq xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda, jumladan umumiy ovqatlanish korxonalari va kichik chakana savdo obyektlarida berilgan fiskal cheklar bo‘yicha davlat lotereyalarini tashkil etish taklif etilgan.
Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, buning uchun 100 mlrd so‘mgacha mablag‘ yetarli bo‘ladi. Natijada davlatning ushbu yo‘nalishdagi xarajatlarini qariyb 20 baravar qisqartirish mumkin.
Shuningdek, hisobotda ayrim holatlarda soliq keshbekini noqonuniy olish uchun soxta fiskal cheklar rasmiylashtirilayotgani ham qayd etilgan.
Institut bunday holatlarni sun’iy intellekt, Big Data va boshqa raqamli nazorat tizimlari orqali avtomatik aniqlashni taklif qilmoqda.
Hozircha bu faqat institut tomonidan ilgari surilgan taklif bo‘lib, amaldagi 1 foizlik soliq keshbeki tartibi o‘z kuchida turibdi.
