ANORBANK Instagram ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirgan reklamasi uchun jarimaga tortildi. Jarima miqdori qancha ekanligi ochiqlanmagan.
Raqobat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, ushbu reklama yuzasidan qo‘mitaga Toshkent viloyatida yashovchi fuqarodan shikoyat kelib tushgan.
Fuqaro o‘z murojaatida bankning aksiya doirasida e’lon qilgan axborotida aksiya shartlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berilmaganiga e’tiroz bildirgan.
Qo‘mita o‘rganishlari davomida reklamada moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga oid shartnomaning muhim shartlari keltirilmagani ma’lum bo‘lgan.
Jumladan, aksiyaning amal qilish muddati, unga qo‘llaniladigan limit hamda limitdan oshgan hollardagi komissiya to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud emasligi aniqlangan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan bankka nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra moliyaviy jarima qo‘llangan.
Shuningdek, qo‘mita tomonidan qonunbuzilishi holatini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.
