Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Andijon va Buxoro viloyatlarida jami 1 mlrd 593 mln so‘mlik kredit mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi.
Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi holat
Beruniy tumanida tijorat bankining uch nafar bank xizmatlari markazi xodimi o‘zaro til biriktirib, besh nafar fuqaro nomiga imtiyozli kredit rasmiylashtirgan.
Tergovga ko‘ra, ular 146 mln so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirib olgan. Bu Beruniy tumanida aniqlangan ilk holat emas.
Avvalroq ham tumanda bank xizmatlari markazi mas’ul xodimlari, yetti nafar hokim yordamchilari va boshqa shaxslar 37 nafar fuqaro nomiga 1,4 mlrd so‘mlik imtiyozli kredit rasmiylashtirib, mablag‘larni talon-toroj qilgani fosh etilgandi.
Farg‘onadagi holatlar
Rishton tumanidagi tijorat banklaridan birining filiali mas’ul xodimlari va boshqa shaxslar “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 21 nafar fuqaro nomiga 747 mln so‘m imtiyozli kredit ajratgan.
Mablag‘lar fuqarolarga bu haqda xabar bermasdan, ta’minotchi korxonalar hisobiga o‘tkazilib, o‘zlashtirilgani aniqlangan.
Ushbu kreditlar hunarmandchilik, tikuv uskunalari xaridi, issiqxona qurish va chorvachilikni moliyalashtirish uchun ajratilgan edi.
Qo‘shtepa tumanida esa bank sobiq bo‘lim boshlig‘i fuqaroga uy-joy xaridi uchun 240,5 mln so‘m ipoteka krediti ajratib berishni va’da qilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u qalbaki kredit shartnomasi orqali ajratilgan mablag‘ning 90 mln so‘mini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Andijondagi holat
Xo‘jaobod tumanida tijorat bankining sobiq bank xizmatlari markazi rahbar o‘rinbosari va boshqa shaxslar fuqaro nomiga yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektini tashkil etib, soxta hujjatlar asosida 500 mln so‘m kredit rasmiylashtirgan.
Mazkur mablag‘ o‘zlashtirilgani ma’lum bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchilardan biri avval ham talon-torojlik bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan.
Buxorodagi holat
Jondor tumanida tijorat bankining sobiq rahbari va sobiq mutaxassisi fuqarolarni xabardor qilmagan holda, ularning nomiga 110 mln so‘m kredit rasmiylashtirib, mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga ko‘ra, barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
