O‘zbekistonda o‘ziga kredit olishni cheklaganlar soni 2,5 mln nafardan oshdi. Bu haqda Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) ma’lumot berdi.
Firibgarlikdan himoyalanish maqsadida joriy etilgan “Kreditga taqiq” xizmati 2025-yilning iyun oyida ishga tushirilgan edi.
2026-yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, mazkur xizmatdan 2 mln 574 ming nafar fuqaro foydalangan. Taqqoslash uchun, yil boshida bu ko‘rsatkich 438 ming 322 nafarni tashkil etgan.
Bu esa yarim yil ichida deyarli 6 barobar o‘sishni anglatadi. O‘ziga kredit olishni taqiqlagan fuqarolarning 58 foizini erkaklar tashkil etadi.

Infografika: KATM
Yosh toifasi bo‘yicha esa ushbu xizmatdan eng ko‘p foydalanganlar 26 yoshdan 36 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardir (30 foiz).
Ulardan keyin eng ko‘p 26 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar foydalangan. Shuningdek, 56 yoshdan oshgan 232 ming 413 nafar fuqaro ham o‘ziga kredit olishni taqiqlab qo‘ygan.
Ma’lumot uchun, "Kreditga taqiq" xizmati bir qator onlayn firibgarliklarning oldini olishda qo‘l keladi.
Ushbu xizmatdan KATM mobil ilovasi yoki sayti, MyGov portali orqali onlayn tarzda, shuningdek, davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurgan holda foydalanish mumkin. Xizmat bepul.
