Farrux Abdurahmonov Prezident administratsiyasining Banklar tizimidagi muammolarni tahlil qilish bo‘yicha loyiha ofisi sho‘ba mudiri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Bankxabar Telegram kanali o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Abdurahmonov ushbu tayinlovga qadar, 2021-yildan buyon O‘zsanoatqurilishbank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Farrux Abdurahmonov haqida
Farrux Abdurahmonov 1980-yil 11-aprelda Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahrida tug‘ilgan.
2004-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavriat, 2006-yilda esa magistratura bosqichini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2003-yilda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida boshlagan.
O‘zsanoatqurilishbank tizimidagi faoliyatini esa 2018-yilda Korporativ mijozlarni moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari lavozimidan boshlagan.
2019–2021-yillarda mazkur bankning Kreditlar monitoringi va muammoli aktivlar bilan ishlash departamenti, Muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti hamda Davlat dasturlari loyihalari bilan ishlash departamenti direktori lavozimlarida ishlagan.
2021-yildan boshlab esa ushbu bank boshqaruv raisining o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettirgan.
