Banklardan mikroqarz sug‘urtasi bo‘yicha aniq va tushunarli axborot berish so‘raladi — MB

14.07.2026 06:50
O'zbekchaРусский
Markaziy bank onlayn mikroqarzlar bilan bog‘liq sug‘urta mahsulotlari yuzasidan mijozlarga to‘liq, xolis va tushunarli axborot berishni so‘rab, tijorat banklariga xat yubordi. Xususan, banklardan sug‘urta mahsulotlarini rasmiylashtirish shartlarini aniq tushuntirish so‘ralgan.
Banklardan mikroqarz sug‘urtasi bo‘yicha aniq va tushunarli axborot berish so‘raladi — MB

Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta

Markaziy bank 9-iyul kuni tijorat banklariga xat yubordi. Unda onlayn mikroqarzlar bilan bog‘liq sug‘urta mahsulotlari yuzasidan mijozlarga to‘liq, xolis va tushunarli axborot berish so‘ralgan.

Xatda yozilishicha, Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda onlayn mikroqarz ajratish jarayonida sug‘urta mukofotining mijoz yoki ajratilayotgan mikroqarz hisobidan ushlab qolinishi haqidagi xabarlarni o‘rganmoqda.

Shuningdek, kredit muddatidan oldin to‘liq so‘ndirilganda sug‘urta shartnomasining foydalanilmagan davri uchun sug‘urta mukofotining tegishli qismi qaytarilmasligi yoki uni qaytarish tartibi yetarlicha sodda va tushunarli emasligi haqidagi xabarlar ham o‘rganilayotgani qayd etilgan.

Shu munosabat bilan, sug‘urta mahsulotlarini taklif qilayotgan tijorat banklariga mazkur masala bo‘yicha o‘z pozitsiyasini rasmiy kommunikatsiya kanallarida e’lon qilishi lozimligi bildirilgan.

Markaziy bank xatiga ko‘ra, banklar avvalo onlayn mikroqarz rasmiylashtirishda sug‘urta mahsuloti taklif etilishi yoki etilmasligi haqida ma’lumot berishi kerak.

Agar sug‘urta taklif etilsa, uning mijoz uchun ixtiyoriy ekani yoki kredit ajratishning majburiy sharti hisoblanishi ham tushuntirilishi lozim.

Shuningdek, sug‘urta mukofoti qaysi manba hisobidan to‘lanishi, sug‘urta xizmatini qaysi sug‘urta tashkilotlari ko‘rsatishi va bank ushbu jarayonda qanday maqomda ishtirok etayotgani ham ochiqlanishi kerak.

Bundan tashqari, kredit muddatidan oldin to‘liq so‘ndirilganda sug‘urta mukofotining foydalanilmagan qismi qaytarilishi yoki qaytarilmasligi to‘g‘risida ham aniq tushuntirish berilishi so‘ralgan.

Agar mablag‘ qaytarilsa, bu avtomatik tarzda amalga oshiriladimi yoki mijozning bank yoxud sug‘urta tashkilotiga murojaat qilishi talab etiladimi — bu ham ko‘rsatilishi lozim.

Murojaat qilish tartibi, qaytarish muddati va buning uchun zarur hujjatlar ro‘yxati ham e’lon qilinishi kerak.

Xatda, shuningdek, agar ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan holatlar bank amaliyotida kuzatilmagan bo‘lsa, banklarning buni asosli tarzda rad etishi va amaldagi tartibni iste’molchilarga sodda tilda tushuntirishi maqsadga muvofiq ekani qayd etilgan.

Agar bank amaliyotida sug‘urta mukofotini qaytarish jarayonida noqulayliklar, tushunmovchiliklar yoki texnik cheklovlar mavjud bo‘lsa, banklar bu holatni tan olib, uni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar va muddatlarni ochiq e’lon qilishi lozim.

Markaziy bank banklar e’lon qiladigan axborot umumiy xabar yoki mavhum raddiya shaklida emas, balki iste’molchilar uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan aniq tushuntirish shaklida bo‘lishi zarurligini ta’kidlagan.

Tijorat banklaridan mazkur xat ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, e’lon qilingan axborot va mijozlarga berilgan tushuntirishlar haqida 2026-yil 16-iyulga qadar Markaziy bankka ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.

#markaziy_bank#sug'urta

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan