Korzinka tarmog‘ini boshqaruvchi kompaniya pulli avtoturargohlar auksionida g‘olib bo‘ldi

14.07.2026 07:58
O'zbekchaРусский
Toshkent shahrining 10 ta tumanidagi 36 ta yer uchastkasida pulli avtoturargohlar tashkil etish va ularni boshqarish huquqi uchun o‘tkazilgan auksionda “Anglesey Food” MChJ xorijiy korxonasi g‘olib bo‘ldi. Bu korxona Korzinka supermarketlar tarmog‘ining yuridik egasi hisoblanadi.
Korzinka tarmog‘ini boshqaruvchi kompaniya pulli avtoturargohlar auksionida g‘olib bo‘ldi

Foto: Yandex Maps

13-iyul kuni Toshkent shahrining 10 ta tumanidagi 36 ta yer uchastkasida pulli avtoturargohlar tashkil etish va ularni boshqarish huquqi bo‘yicha auksion o‘tkazildi.

To‘qqiz yarim soat davom etgan savdolarda boshlang‘ich narxdan (1 mlrd 338 mln so‘m) qariyb 16 barobar yuqori taklif (20 mlrd 948 mln so‘m) bergan "Anglesey Food" MChJ xorijiy korxonasi g‘olib bo‘ldi. 

Ushbu korxona O‘zbekistonning eng yirik supermarketlar tarmog‘i Korzinka kompaniyaning yuridik egasi hisoblanadi.

Lot shartlariga ko‘ra, pulli avtoturargohlarni tashkil etish va boshqarish huquqi g‘olib kompaniyaga 10 yil muddatga beriladi.

Yer uchastkalaridan biri / Foto: E-auksion

Kompaniya kamida 10 mlrd 854 mln so‘m sarmoya kiritishi hamda kamida 40 ta yangi ish o‘rni yaratishi lozim. Ularning 20 foizi ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan fuqarolar bilan ta’minlanishi kerak.

Lot shartlarida, shuningdek, avtoturargohdan foydalanganlik uchun to‘lov miqdori har bir soatga kamida 10 ming so‘m etib belgilanishi ham ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, avtoturargohlardan foydalanganlik uchun olinadigan to‘lovlarning kamida 10 foizi davlat sherigi — "Toshkent Invest Kompaniyasi" AJga, 5 foizi esa "Pulli to‘xtash joyi" AAT operatoriga o‘tkazilishi belgilangan.

Loyiha doirasida ajratilgan yer uchastkalarida kapital qurilmalar barpo etishga ruxsat berilmaydi.

Faqat avtoturargohlarni tashkil etish va ulardan foydalanish uchun zarur bo‘lgan yengil konstruksiyalar, to‘siqlar, kameralar, LED ekranlar, terminallar, navigatsiya belgilari va boshqa texnik vositalarni o‘rnatish mumkin.

#korzinka#parkovka#auksion

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan