Raqobat qo‘mitasi 20 dan ortiq tijorat banki va mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi. Bu haqda qo‘mita o‘z rasmiy sahifasida xabar berdi.
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, jarima reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgani uchun qo‘llanilgan. Jarimaga tortilgan tashkilotlarning nomi va jarima miqdori oshkor qilinmagan.
Qo‘mita o‘tkazgan monitoring natijalariga ko‘ra, iste’molchini chalg‘ituvchi yoki noto‘g‘ri axborotni o‘z ichiga olgan reklamalarning aksariyati moliyaviy xizmatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Amaldagi reklama qonunchiligiga muvofiq, moliyaviy xizmatlarga oid reklamalarda shartnoma tuzish uchun muhim bo‘lgan shartlar to‘liq ochib berilishi lozim.
O‘rganishlar davomida ayrim reklamalarda omonat va kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari, amal qilish muddati, qo‘shimcha to‘lovlar hamda boshqa muhim shartlar umuman ko‘rsatilmagani yoki noaniq berilgani aniqlandi.
Shuningdek, ayrim reklamalarda iste’molchilarni chalg‘ituvchi iboralar ishlatilgani va xizmat shartlari bo‘rttirib ko‘rsatilgani holatlari ham kuzatilgan.
Qo‘mita mazkur holatlar iste’molchilarning tovar (ish, xizmat) to‘g‘risida to‘g‘ri, to‘liq va ishonchli ma’lumot olish huquqini buzayotganini bildirdi.
Shu bilan birga, qo‘mita moliyaviy xizmatlarga oid reklamalarda ma’lumotlar aniq, to‘liq hamda iste’molchilar uchun oson o‘qiladigan va tushunarli shaklda taqdim etilishi zarurligini eslatdi.
Muhim ma’lumotlar fon bilan uyg‘unlashib ketadigan, o‘qilishi qiyin bo‘lgan mayda shriftlarda yoki yashirin matn shaklida berilmasligi kerakligi ham qayd etildi.
Qo‘mita bunday qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, moliyaviy tashkilotlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
.jpg)