Ipoteka-bank yarim yilda 1,38 trln so‘m sof foyda ko‘rdi

17.07.2026 13:26
O'zbekchaРусский
Ipoteka-bank 2026-yilning birinchi yarmida 1 trln 388 mlrd so‘m sof foyda oldi. Taqqoslash uchun, bank o‘tgan yilning shu davrida 392 mlrd so‘m zarar ko‘rgan edi. Bank ushbu moliyaviy natijaga kredit zararlarini baholash xarajatlarini kamaytirish hisobiga erishgan.
Ipoteka-bank yarim yilda 1,38 trln so‘m sof foyda ko‘rdi

Foto: Yandex Maps

Ipoteka-bank 2026-yilning birinchi yarmi bo‘yicha moliyaviy ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.

Hisobotga ko‘ra, bank ushbu davrni 1 trln 388 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlagan.

Taqqoslash uchun, bank o‘tgan yilning birinchi yarmida 392 mlrd so‘m zarar ko‘rgan edi.

Joriy yarim yillikda bank daromadlari 8 trln 359 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 751 mlrd so‘mga ko‘paygan.

Buning 6 trln 233 mlrd so‘mi (75 foizi) foizli daromadlar, qolgani esa foizsiz daromadlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bunda bankning foizli daromadlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14 foizga oshgan, foizsiz daromadlari esa 1 foizga kamaygan.

Xarajatlarga to‘xtalsak, bank ushbu yarim yillikda jami 6 trln 970 mlrd so‘m sarflagan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi jami xarajatlardan 1,03 trln so‘mga yoki 13 foizga kamdir.

Xarajatlarning katta qismi — 4 trln 108 mlrd so‘mi foizli xarajatlarga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, 1 trln 120 mlrd so‘m operatsion xarajatlarni tashkil etib, bu xarajat o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31 foizga oshgan.

Shu bilan birga, bank kredit va lizing bo‘yicha ehtimoliy zararlar uchun ajratilgan zaxira xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirgan.

Joriy yarim yillikda bankning mazkur xarajati qariyb 2 trln so‘mga kamayib, 969 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Bank foydasining keskin oshishiga aynan kredit zararlarini baholash xarajatlarining kamayishi hisobiga erishilgan.

Kredit va lizing zararlarini baholash — bu bankning kelajakda ayrim qarz oluvchilar kreditni to‘liq qaytara olmasligi ehtimolini hisobga olib, oldindan zaxiraga ajratadigan mablag‘idir.

Bu haqiqiy yo‘qotilgan pul emas, balki ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun daromaddan ajratiladigan taxminiy summadir.

#ipoteka-bank#sof_foyda

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan