Tenge Bank aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishida bank Kuzatuv kengashiga yangi mustaqil a’zo saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Korporativ axborot yagona portaliga joylangan axborotga ko‘ra, Alisher Mirzayev bank Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib saylandi.
Mazkur qaror 2026-yil 17-iyul kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida o‘tkazilgan navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishda qabul qilingan.
Qarorga muvofiq, Alisher Mirzayev nomzodi Markaziy bank tomonidan ma’qullangach, o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi.
Alisher Mirzayev haqida
Mirzayev Alisher Anvarovich 1969-yil 1-iyunda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1993-yilda Toshkent arxitektura-qurilish institutini, 2000-yilda esa Toshkent moliya institutini tamomlagan.
Bankers.uz ma’lumotlariga ko‘ra, Mirzayev bank tizimidagi faoliyatini 1993-yilda Ipak Yuli Bankida boshlagan.
Dastlab oddiy mutaxassis sifatida ish boshlab, 1999-yilga kelib filial boshqaruvchisi, 2015-yilda esa bank boshqaruv raisi lavozimiga ko‘tarilgan. U mazkur bankdagi faoliyatini 2018-yilda yakunlagan.
Keyinchalik, 2018–2020-yillarda Hamkorbank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
2020-yilning yanvar oyida esa Kapitalbank boshqaruv raisi etib tayinlangan. 2023-yilning yanvar oyiga kelib, Mirzayev o‘z xohishi bilan mazkur lavozimni tark etgan.
O‘shanda bank Kuzatuv kengashi raisi Maqsud Abdusamadov bankning erishgan yutuqlarida Alisher Anvarovichning shaxsiy hissasi muhim rol o‘ynaganini ta’kidlagan.
Mirzayev keyingi faoliyatini Kapitalbank Kuzatuv kengashi tarkibida davom ettirgan. Uning mazkur lavozimda qancha vaqt faoliyat yuritgani hamda undan keyingi faoliyati ma’lum emas.
