Xalq Banki o‘zining Xazna brendi ostidagi mahsulot va xizmatlarini targ‘ib qilish uchun tashqi reklama xizmatlarini xarid qilish bo‘yicha tender e’lon qildi.
Tender hujjatlariga ko‘ra, xaridning boshlang‘ich qiymati 9,16 mlrd so‘mni tashkil etadi. Tanlov eng yaxshi takliflarni tanlab olish tartibida o‘tkaziladi.

Skrinshot: E-tender
Shartlarga muvofiq, g‘olib kompaniya texnik topshiriqqa asosan tashqi reklama xizmatlarini ko‘rsatib, reklama materiallarini 12 oy davomida joylashtirishi lozim.
Tender Xalq Bankining o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. To‘lovlar har oy bajarilgan ishlar dalolatnomasi va hisobvaraq-faktura asosida amalga oshiriladi.
Tenderda O‘zbekiston rezidenti va norezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchilar boshlang‘ich narxning 1 foizi miqdorida garov puli taqdim etishi kerak.
Takliflar ball tizimi asosida baholanadi. Bunda texnik qism 60 foiz, narx mezoni esa 40 foiz ulushga ega.
Tender bo'yicha takliflarni qabul qilish 22-iyul kuni yakunlanadi. Shundan so'ng kelib tushgan takliflar baholanib, g'olib aniqlanadi.
Ma’lumot uchun, Xalq Bankining aktivlari hozirda 48 trln 428 mlrd so‘mni tashkil etib, bank bu ko‘rsatkich bo‘yicha to‘qqizta davlat banki orasida beshinchi o‘rinda turibdi.
